Qozog‘istonning DXR va LXRdagi referendumlar bo‘yicha pozitsiyasi ochiqlandi

Olam

image

Qozog‘iston Ukrainaning suverenligi va yaxlitligi tarafdori. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Ukrainaning Donbass mintaqasi, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan referendumlarga nisbatan rasmiy Ostona qanday pozitsiyada ekaniga izoh berdi.

“O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan LXR va DXR hamda Zaporoje va Xerson viloyatlari harbiy ma’muriyatlari tomonidan Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar o‘tkazilayotganiga kelsak, Qozog‘iston davlatlarning hududiy yaxlitligi, ularning suveren tengligi va tinch-totuv yashash tamoyillaridan kelib chiqadi.

Prezidentimiz bir necha bor, jumladan, yaqinda BMT minbaridan turib so‘zlagan nutqida mazkur xalqaro universal tashkilot Nizomiga asoslanadigan xalqaro huquq tamoyiliga sobitqadamlik bilan rioya qilish muhimligini aniq ta’kidladi”, deydi Smadiyarov.

Uning aniqlik kiritishicha, Nizomda BMTga a’zo davlatlarning tinchlikni saqlash va davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish mas’uliyati nazarda tutilgan.

“Biz siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun har tomonlama yordam berishga tayyorligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Shu bilan birga, mamlakatimiz ham mintaqaviy, ham global miqyosda barqarorlikni saqlashni eng muhim vazifa deb biladi”, deydi Smadiyarov.

Avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev Vladimir Putin bilan uchrashuvda agar butun dunyoda millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi haqiqatda tashkil etilsa, hozirda BMTga a’zo bo‘lgan 193 ta davlat o‘rniga 500-600 dan ortiq davlat paydo bo‘lishini aytgandi.

“Shu sababli biz Tayvanni ham, Kosovoni ham, Janubiy Osetiyani ham, Abxaziyani ham tan olmaymiz. Ko‘rinib turibdiki, bu tamoyil bizning fikrimizcha, Lugansk va Donetsk (viloyati – tahr.) bo‘lgan kvazidavlat hududlarga ham tatbiq etiladi”, degan To‘qayev.

Ma’lumot uchun, 23 sentyabr kuni Ukrainaning Donetsk (tan olinmagan DXR), Lugansk (tan olinmagan LXR), Xerson va Zaporoje viloyatlarida rossiyaparast kuchlar boshchiligada bir tomonlama RFga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar boshlandi. Ovoz berish 27 sentyabrgacha davom etadi.

Tan olinmagan DXR va LXRda ovoz berish byulletenida “respublikaning Rossiya Federatsiyasi ta’sis sub’ekti sifatida Rossiya tarkibiga kirishini” qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘qmi degan savol “ovozga” qo‘yilgan.

Zaporoje va Xerson viloyatlarida esa “Siz Ukrainadan ajralib chiqish, mintaqaning mustaqil davlat tashkil etishi va Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi tarafdorimisiz?” degan savol “ovoz”ga qo‘yilgan.

Ukraina hududlarida bir tomonlama referendum o‘tkazilishiga G‘arb davlatlari, hatto Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamagan Turkiya ham qoraladi. G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilishini, NATO esa Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston referendum Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

213

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing