Qozog‘istonning BRICS’ga qo‘shilishi haqida gapirishga hali erta – TIV 

Olam

image

Qozog‘iston BRICS davlatlari (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika) bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor, biroq respublika ushbu tashkilotning to‘liq a’zosi maqomini olishi haqida gapirishga hali erta. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov ma’lum qildi.

"Qozog‘iston BRICS mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdor. Guruhning ikki a’zosi – Rossiya va Xitoy Qozog‘istonning qo‘shnisi hamda eng yaqin siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi. Hindiston bilan ham strategik sheriklik o‘rnatilgan", deydi Smadiyarov.

Uning qayd etishicha, yangi savdo yo‘llarini barpo etish va Qozog‘iston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish maqsadida o‘z qit’alarining iqtisodiy yetakchisi bo‘lgan Janubiy Afrika Respublikasi va Braziliya bilan o‘zaro manfaatli muloqotlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

"Qozog‘istonning BRICS’ga a’zo bo‘lishi mumkinligiga kelsak, shuni ta’kidlash joizki, hozircha ushbu blokning kengaytirish mezonlari va mexanizmi ishlab chiqilmagan. Shu bois mamlakatimizning to‘laqonli BRICS a’zosi maqomini olishi haqida gapirishga hali erta”, deb tushuntirgan TIV rasmiy vakili.

Ma’lumot uchun, Janubiy Afrika Respublikasi Tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Naledi Pandor 23 davlat, jumladan, Qozog‘iston ham BRICS’ga qo‘shilish uchun rasmiy ariza topshirganini bildirgan. BRICS’ni kengaytirish masalasi 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda Janubiy Afrika raisligida bo‘lib o‘tadigan sammitda muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bloomberg” agentligi hukumatdagi manbalarga tayanib, Hindiston va Braziliya BRICS’ning kengayishiga qarshi ekani haqida xabar bergan edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay ikki davlat rasmiylari ham buni rad etdi. Nyu-Dehlidagi ImagIndia Institute tahlil markazi prezidenti Robinder Sachdev esa BRICS tashkiloti 20 a’zoga qadar kengayishi va "Sharqda paydo bo‘lgan" Yigirmalik Guruhiga (G20) aylanishini prognoz qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston BRICS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing