BRICS 20 ta davlatgacha kengayib, “Sharqiy G20”ga aylanishi mumkin – ekspert
Olam
−
08 avgust 2023 7447 2 daqiqa
BRICS tashkiloti 20 a’zoga qadar kengayishi va "Sharqda paydo bo‘lgan" Yigirmalik Guruhiga (G20) aylanishi mumkin. Bunday fikrni Nyu-Dehlidagi ImagIndia Institute tahlil markazi prezidenti Robinder Sachdev bildirdi.
Ekspert BRICS kengayishini istiqbolli deb hisoblashini aytgan.
"Bu yaxshi fikr. Birinchidan, BRICS 20 ta davlatga yetishi va Yevroosiyoda, Sharqda, Global Janubda paydo bo‘lgan o‘ziga xos yangi G20 ga aylanishi mumkin. Keyinchalik, taxminan besh yildan so‘ng, guruhni yana qancha davlatga ko‘paytirish haqida o‘ylasa bo‘ladi”, deydi Sachdev.
Siyosatshunosga ko‘ra, BRICS’ning hozirgi a’zolari kengayishni davom ettirishdan oldin ittifoqning mafkuraviy parametrlarini kelishib olishi kerak.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Afrika Ittifoqi, Arab davlatlari ligasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi, G20 va G7 kabi boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar mavjud. Shu o‘rinda BRICS guruhi o‘z makonini yaratishi va ulardek samarali yoki ulardan ham samaradorroq bo‘lish yo‘lini topishi kerak”, deya ta’kidlaydi tahlilchi.
Savol shuki, agar BRICS beshta davlatdan iborat guruh bo‘lib qolsa, u G7 kabi samarali bo‘la oladimi? Agar BRICS, aytaylik, 20 ta davlatning birlashmasiga aylansa, u Yevropa Ittifoqi yoki G20 kabi samarali bo‘ladimi? Yoki, agar 100 dan ortiq davlat BRICS’ga qo‘shilgan bo‘lsa, u mini BMTga aylanadimi?
Mutaxassisning fikricha, BRICS ko‘p qutbli dunyoda alohida qutb vazifasini o‘tay oladi. U savdo-iqtisodiy muammolarni hal qilishi, butun dunyo bo‘ylab moliyaviy barqarorlik va valyuta islohotlari, global iqlim va energiya masalalari bo‘yicha jahon forumlarida birgalikda harakat qilishi hamda BMT islohotlarini himoya qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, hozirda BRICS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi. 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan sammitda guruhni kengaytirish masalasi muhokama qilinadi. Hozirgacha BRICS’ga a’zo bo‘lish uchun 23 davlat rasmiy ariza topshirgan. Bular Jazoir, Argentina, Bangladesh, Bahrayn, Belarus, Boliviya, Venesuela, Vetnam, Gonduras, Misr, Indoneziya, Eron, Qozog‘iston, Kuba, Quvayt, Marokash, Nigeriya, Birlashgan Arab Amirliklari, Falastin, Saudiya Arabistoni, Senegal, Tailand va Efiopiyadir.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bloomberg” agentligi hukumatdagi manbalarga tayanib, Hindiston va Braziliya BRICS’ning kengayishiga qarshi ekani haqida xabar bergan edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay ikki davlat rasmiylari ham buni rad etgandi.
Live
Barchasi