Qozog‘istonda YTH qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklar maxsus bortda O‘zbekistonga olib kelinadi
Jamiyat
−
04 aprel
9168Avvalroq, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan Samara-Chimkent trassasida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, baxtsiz hodisada vafot etganlar O‘zbekistonga olib kelinib, dafn qilinadi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, baxtsiz hodisada vafot etganlarni Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali O‘zbekistonga olib kelish va dafn etish marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzilib, kerakli barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
“Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ullari Qozog‘istonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, baxtsiz hodisani kelib chiqish sabablarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda”, deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ham mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi Qozog‘iston Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlikda ishlayotganini ma’lum qildi.
“Holat alohida nazoratga olingan. Qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi raqam bo‘yicha murojaat qilishingiz mumkin +7 (729) 277-71-17”, deyiladi elchixona xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 11 yanvar kuni Rossiyaning Penza viloyatidagi M-5 Ural trassasida yuk mashinasi va mikroavtobus ishtirokida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida halok bo‘lgandi. Prezidentning topshirig‘i bilan Penzada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari 13 yanvar kuni Xorazm viloyatiga olib kelingandi.
LiveBarchasi