Qozog‘istonda suv toshqinidan jabrlanganlarga 1000 dan oshiq uy qurib beriladi

Olam

image

Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori to‘g‘onining yorilishi natijasida yuz bergan suv toshqini Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumaniga ham zarar yetkazdi. Qozog‘iston hukumati suv toshqinidan jabrlangan har bir fuqaroga 100 ming tengedan kompensatsiya to‘lashga qaror qildi.

Kecha, 6 may kuni Maqtaaral tumaniga Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar boshliq Hukumat komissiyasi kelgan.

Komissiya a’zolari Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev va o‘zbekistonlik hamkasblar ham hamrohligida suv toshqini yuz bergan hududlarni havodan ko‘zdan kechirgan. Shundan so‘ng davlat komissiyasi suv ostida qolgan Orgebas va Ferdovsi qishloqlariga borgan.

Bir vaqtning o‘zida Maqtaaral tumaniga O‘zbekistondan 100 dan ortiq maxsus texnika (zanjirli va g‘ildirakli traktorlar, motopompa bilan jihozlangan o‘t o‘chirish mashinalari) va 200 dan ortiq gidrotexnika mutaxassislari yetib kelgan.

Toshqin yuz bergan joylar ko‘zdan kechirilgach, Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyevning taklifi bilan Hukumat komissiyasi ofatdan zarar ko‘rgan har bir fuqaroga 100 ming tenge tarqatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

“Mirzakent yaqinida yangi mikrorayon quriladi. U yerga Do‘stiq, Janaturmis va Jenis qishloqlari aholisi joylashtiriladi. Mikrorayon barcha kommunikatsiya vositalariga ulanadi, bolalar bog‘chasi va maktab quriladi”, deyiladi Qozog‘iston Bosh vaziri matbuot xizmati xabarida.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat toshqindan zarar ko‘rganlar uchun 1000 dan oshiq uy qurishni boshlaganini ma’lum qildi.

"Hukumat O‘zbekistondagi suv omborida ro‘y bergan avariyadan keyin suv toshqini natijasida boshpanasidan ayrilib qolgan fuqarolar uchun Turkiston viloyatida mingdan ziyod uy qurishga kirishdi", deb yozdi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida To‘qayev.

Orgebas va Ferdovsi qishloqlari aholisiga esa turar joy masalasining uch yechimi taklif qilindi:

•    yangi uylar qurilgan boshqa aholi punktlariga ko‘chish;
•    uylarni qayta tiklash;
•    turar joylar qurilishi va tiklanishi uchun xarajatlarni qoplab berish.

Qishloq xo‘jaligi va chorva mollari bo‘yicha yetkazilgan zarar hukumat zaxiralaridan qoplab beriladi, fermerlarga kreditlar bo‘yicha to‘lovlarda tanaffus taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev Sirdaryo viloyatida bo‘lib, suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlar bilan tanishib yurtiga qaytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Sardoba suv ombori

Baholaganlar

217

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing