Qozog‘istonda siyosatchilarning daromad va xarajatlari majburiy tarzda e’lon qilinadi
Olam
−
15 Oktabr
1808Qozog‘istonda 2025 yil yanvar oyidan boshlab siyosiy xizmatchilarning deklaratsiyalari majburiy tarzda e’lon qilinadi. Prezident, Bosh vazir va parlament spikerlarining daromad va mulk to‘g‘risidagi deklaratsiyalari ularning faoliyati “o‘ziga xosligi” tufayli jamoatchilik uchun ochiqlanmaydi. Bu haqda mamlakat Moliya vaziri Madi Takiyevga tayanib, “Kursiv” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, hukumat brifingida jurnalistlar vazirga Qozog‘iston aholisi yuqori lavozimli amaldorlar va davlat xizmatchilarining deklaratsiyalarini qachon ko‘rishi mumkinligi haqida savol bergan.
Takiyevga ko‘ra, hozirda deklaratsiyalashning uchinchi bosqichi o‘tkazilmoqda. Bu yuridik shaxslar asoschilari va tadbirkorlarni qamrab oladi.
“15 sentyabr holatiga ko‘ra, 2,6 million deklaratsiya topshirilgan, yana 200 mingta deklaratsiya hali taqdim etilmagan. Biz ularga xabarnoma yubordik – deklaratsiya topshirish uchun 30 ish kuni berilgan. Qonunga muvofiq, 2025 yil yanvar oyidan boshlab siyosiy xizmatchilarning deklaratsiyalari majburiy tarzda e’lon qilinadi,” deydi Moliya vaziri.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, maxsus “himoyalangan shaxslar”, ya’ni Prezident, Bosh vazir, parlamentning ikki palatasi spikerlarining deklaratsiyalari jamoatchilik uchun yopiq bo‘lib qoladi. Ushbu ro‘yxatga, shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa kuch tuzilmalari rahbarlari ham kiradi.
Qozog‘iston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat xizmatchilari va jamoat tashkilotlari xodimlari, shuningdek, ularning turmush o‘rtoqlari chet elda 2 877 ta uy, kvartira, yer uchastkalari va tijorat binolarini deklaratsiya qilgan. Ularning 77 foizi Rossiya hududida sotib olingan bo‘lib, ushbu davlatlar orasida Turkiya, Qirg‘iziston, Bolgariya va BAA ham mavjud.
LiveBarchasi