Qozog‘istonda neft qazib olish pasayib ketdi
Olam
−
14 aprel 2185 2 daqiqa
Qozog‘istonda 2026 yilning birinchi choragida neft qazib olish rejalashtirilgan hajmdan qariyb 20 foizga kam bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hisobot davrida neft va gaz kondensati qazib olish hajmi 19,7 million tonnani tashkil etgan, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 80,2 foizni tashkil qiladi. Hozirda yirik yer osti boyliklari foydalanuvchilari bilan qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Shu davrda neft eksporti 15,3 million tonnani tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 78,5 foizga teng bo‘lgan. Umuman olganda, 2026 yil yakuniga qadar 76 million tonna neft eksport qilish rejalashtirilgan.
Neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa 3,67 million tonnani tashkil etib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli o‘zgarmagan – 98,9 foiz darajasida qolgan. Yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkichni 15,49 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, mamlakatda quvvati 10 million tonna bo‘lgan yangi neftni qayta ishlash zavodini qurish loyihasi jadallashtirilmoqda. Bundan tashqari, Pavlodar neft-kimyo zavodi quvvatini 5,5 million tonnadan 9 million tonnagacha, Chimkent neftni qayta ishlash zavodini 6 milliondan 12 million tonnagacha hamda Atyrau neftni qayta ishlash zavodini 5,5 milliondan 6,7 million tonnagacha kengaytirish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Janubiy Koreya Qozog‘iston bilan yirik neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzish arafasida turgani haqida xabar berilgandi. Janubiy Koreya Sanoat vaziri Kim Chjong-kvanning aytishicha, kelishuv bo‘yicha aniq hajm va logistika masalalari kelasi hafta boshida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Live
Barchasi