Qozog‘istonda MXQ raisining o‘rniga kelgan Sagimbayev yana bir lavozimga tayinlandi
Olam
−
16 fevral 2022
5231Qozog‘istonda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Yermek Sagimbayev Qozog‘iston jang san’ati assotsiatsiyasiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda assotsiatsiya matbuot xizmati ma’lum qilgan.
“16 fevral kuni Nur-Sultonda Qozog‘iston jang san’ati assotsiatsiyasi ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ta’sischilar umumiy yig‘ilishi qarori bilan Yermek Sagimbayev assotsiatsiya prezidenti etib saylandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yildan buyon assotsiatsiyaga Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Anuar Sadiqulov, undan oldin, 2018 yildan esa Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimov rahbarlik qilib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda tartibsizliklarga aylangan ommaviy namoyishlardan so‘ng yuqori martabali maxsus xizmat xodimlarini hibsga olish boshlandi. Dastlab Masimov Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari lavozimidan chetlashtirilib, davlatga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olindi, uning o‘rniga Sagimbayev tayinlandi. Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosarlari — Anuar Sadiqulov va Daulet Yergojin ham o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. 13 yanvar kuni Masimov hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qaratilgan harakatlarda ham gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Sadiqulov va Yergojinning hibsga olingani haqida ham aytildi. Keyinroq, Masimov va Sadiqulov sud tomonidan hibsga olingan va ish “o‘ta maxfiy” toifasiga kiritilgan. 7 fevral kuni Yergojin ham sud sanksiyasi bilan hibsga olingani haqida xabar berilgan.
LiveBarchasi