Qozog‘istonda kuzda AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi

Olam

image

Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum 2024 yilning kuzida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev OAV xodimlarini taqdirlash marosimida ma’lum qildi.

Davlat rahbari bu masala hozir keng muhokama qilinib, bu borada turli fikrlar bildirilayotganini aytib o‘tgan.

“Mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanish nihoyatda muhimdir. Biroq bu masala bo‘yicha yakuniy qarorni xalq qabul qiladi. Referendum shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadi. Aniq sanani esa hukumat belgilaydi”, degan To‘qayev

Qozog‘iston Prezidenti 2021 yilda hukumatga mamlakat hududida xavfsiz va ekologik toza atom energetikasini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan edi. 2024 yil boshida u masalaning ahamiyatini tushunib, AES qurish masalasini umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif qilganini aytdi. Endilikda, mamlakatda keng ko‘lamli jamoatchilik muhokamalari o‘tkaziladi.

“Barqaror energiya ta’minotisiz iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin emasligini yaxshi bilasiz. Shuning uchun men atom elektr stansiyasini qurish masalasini o‘rganishni topshirdim. Hozir keng muhokama qilinmoqda, turli fikrlar bildirilmoqda. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari ham faol ishtirok etishi kerak”, degan To‘qayev marosimda.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston o‘zining birinchi atom elektr stansiyasini Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘i hududida – Toshkentdan 700 km uzoqlikda qurishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘qayev Qozog‘istonda AES qurilishini ovozga qo‘ymoqchiligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston AES To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing