Qozog‘istonda korrupsion holat haqida xabar berganlar katta miqdorda mukofotlanadi

Olam

image

Qozog‘iston Antikorrupsiya agentligi fuqarolar uchun WhatsApp chat-botini ishga tushirdi – unda qozog‘istonliklar korrupsiya holatlari haqida messenjer orqali xabar berib, 15,7 mln tenge (403 mln so‘m) mukofot olishi mumkin. Bu haqda Antikor vakillariga tayanib, “Kazinform” xabar berdi.

Qayd etilishicha, korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish, korrupsiyaga nisbatan nol bag‘rikenglikni targ‘ib qilish hamda fuqarolik faolligini oshirish maqsadida Antikorrupsiya agentligi korrupsiya haqida tezkor xabar berish uchun yangi vositani joriy qilmoqda.

“Endi har bir fuqaro korrupsiya holatlari haqida xabar berishi yoki korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha maslahat olishi mumkin. Buning uchun shunchaki 8 777 000 1424 raqamiga WhatsApp orqali xabar yuborish kifoya”, deya tushuntirdi Antikor vakillari.

Bildirilishicha, WhatsApp chat-boti Antikor 1424 orqali korrupsiya holati haqida xabar berish, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha maslahat olish mumkin. Shuningdek, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risida ishonchli ma’lumot bergan shaxslarga 15,7 million tengagacha mukofot berilishi nazarda tutilgan.

“Biz murojaatlarning to‘liq maxfiyligini kafolatlaymiz. Barcha xabarlar, albatta, ko‘rib chiqiladi va huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, amaldagi qonunchilik doirasida chora ko‘riladi. Biroq yolg‘on korrupsiya xabarlari uchun jinoiy javobgarlik borligini eslatib o‘tamiz”, deydi idora vakillari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Transparency International” korrupsiyaga qarshi kurash tashkilotining “Korrupsiyani aniqlash” indeksi e’lon qilingandi. Unda Qozog‘istondan tashqari barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari 1 ball yo‘qotgan, Qozog‘iston esa 1 ballga o‘sgan va 180 mamlakat ichida 88-o‘rinni band etgan. Bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich. O‘zbekiston esa ushbu reytingda 121-o‘rinni egallagan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston korruptsiya Antikor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing