Qozog‘istonda Qurultoyga saylovlar sanasi e’lon qilindi
Olam
−
01 iyul 1017 1 daqiqa
Qozog‘istonning yangi bir palatali parlamenti – Qurultoyga saylovlar joriy yilning 23 avgust kuniga belgilandi. Bu haqdagi tegishli farmonni bugun, 1 iyul kuni mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev imzoladi.
Qayd etilishicha, bugun, 1 iyuldan Qozog‘istonda joriy yil 15 mart kuni bo‘lib o‘tgan respublika referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiya rasman kuchga kirgan. Natijada bugundan boshlab parlamentning har ikki palati – Majlis va Senat o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Shu sababli bir oy muddat ichida Prezident yangi bir palatali parlament – Qurultoyga saylovlarni e’lon qilishi, ularni esa ikki oy ichida o‘tkazishi kerak edi.
To‘qayev parlament islohoti haqida 2025 yil sentyabr oyida Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida e’lon qilgan edi. O‘shanda parlament bir palatali bo‘lishi, Senat va Majlis esa tugatilishi ma’lum qilingandi. Konstitutsiyaga qo‘shimcha o‘zgartirishlar tayyorlashi kerak bo‘lgan ishchi guruhi tuzildi.
15 mart kuni bo‘lib o‘tgan referendumda ovoz bergan fuqarolarning 87,15 foizi ushbu o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatladi.
Eslatib o‘tamiz, 29 iyun kuni Qozog‘istonning sakkizinchi chaqiriq deputatlaridan iborat ikki palatali parlamenti rasman o‘z faoliyatini yakunlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi