Qozog‘istonda quldek ishlatilgan o‘zbekistonliklarning “xo‘jayin”lariga nisbatan e’tirozi yo‘qligi aytildi
3-sahifa
−
19 Oktabr 2023
15528Avvalroq, 60 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Chimkentdagi g‘isht zavodlarida majburan ishlatilib, tutqunlikda saqlab kelingani xabar qilingandi. Endilikda mazkur fuqarolarning asosiy qismi pasportlari qaytarib berilsa, O‘zbekistonga qaytishini, ish beruvchiga nisbatan e’tirozlari yo‘qligini bildirdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 14 oktyabr kuni Chimkent shahridagi g‘isht zavodlarida tezkor tadbirlar o‘tkazilishi natijasida 60 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va yashash ruxsatnomasi yo‘qligi sababli Karatau tumani politsiyasi bo‘limiga olib ketilgan.
Vaziyat O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv davomida hujjatlari yo‘q 40 nafar fuqaro Chimkent shahridagi IIB vaqtinchalik saqlash markaziga va 24 nafari “Sana Sezim” tashkiloti yordamida hostelga joylashtirilgan.
Kecha, 18 oktyabr kuni 40 nafar fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari Chimkent shahri politsiyasi bo‘limi xodimlari tomonidan topilgan. Bildirilishicha, ularga nisbatan Qozog‘istonning Ma’muriy kodeksi bo‘yicha ish ko‘rilmoqda.
“Ushbu holat bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Chimkent shahridagi vakili tomonidan Karatau tumani politsiyasi bo‘limida ushbu fuqarolar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning huquqlari tushuntirildi. Fuqarolarning asosiy qismi pasportlari qaytarib berilsa, vatanga qaytishini, ish beruvchiga nisbatan e’tirozlari yo‘qligini bildirdi”, deyiladi agentlik xabarida.
Shuningdek, agentlik Chimkent shahridagi g‘isht zavodida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik A.A. majburiy mehnatdan qochib, Olmaota shahriga borgani va u yerda noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlar yuzasidan ham ma’lumot bergan.
Ta’kidlanishicha, hostelga joylashtirilgan 24 nafar O‘zbekiston fuqarosi orasida A.A. ham bo‘lgan. Ayni paytda sudga qadar tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 60 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosini ushlab turgan 1992 va 1994 yillarda tug‘ilgan g‘isht zavodi egalari odam savdosida ayblanib, qamoqqa olingani, ularga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangani xabar qilingandi.