Rossiyadan voyaga yetmagan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi
Olam
−
24 dekabr
2446Rossiyadagi jazoni ijro etish muassasalarida joylashgan Bolalar uyidan o‘zbekistonlik yosh bolalarni repatriatsiya qilish tadbiri amaliyotda birinchi marta amalga oshirildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi uzoq vaqt davom etgan tadbirlar natijasida Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugidagi Mordoviya jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan bolalarini qaytarish jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunlagan.
“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan olib borilgan maqsadli muzokaralar samarasi o‘laroq, o‘zbekistonlik bolalarni Mordoviyadagi jazoni ijro etish muassasasi hududida joylashgan Bolalar uyidan olish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Voyaga yetmagan yurtdoshlarimiz diplomatlar, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va mamlakatimiz tibbiyot xodimlari hamrohligida qabul qilib olindi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy poytaxti Pekin shahridagi O‘zbekiston elchixonasi diplomatlarining Xitoy tomoni bilan olib borgan muzokaralari natijasida XXRda vaqtincha istiqomat qilishi davomida murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan 11 nafar xotin-qizlar O‘zbekistonga qaytarilgan edi.