Qozog‘istonda elektron sigaretalar taqiqlandi
Olam
−
20 aprel
1816Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qonunchilikka elektron sigaretalar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun elektron sigaretalarni olib kirish va tarqatishni taqiqlashni, shuningdek, chekilmaydigan va isitiladigan tamaki mahsulotlari, kalyan tamaki, kalyan aralashmalari, tamaki isitish hamda elektron iste’mol qilish tizimlari, ular uchun atirlar va suyuqliklarni reklama qilishni taqiqlaydi.
Elektron sigaretalarni olib kirish va sotish uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda. Ularni sotganlar 1,6 ming dollargacha jarimaga tortiladi yoki 50 kungacha hibsga olinadi.
Elektron sigaretalarni ishlab chiqarganlarga esa 16,5 ming dollargacha jarima belgilanadi yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash, xuddi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zgartirishlar hujjat bosma nashrlarda rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 60 kun o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlarini olib kirishni, shuningdek, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni taklif qilgandi. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi rasmiy portalda muhokamaga qo‘yilgan.