Qozog‘istonda ayollar uchun ish kunini qisqartirish taklif etilmoqda
Olam
−
07 noyabr 2024 2746 2 daqiqa
Qozog‘istonda ayollarning bolalarni tarbiyalashini ta’minlash maqsadida ularning ish kunini qisqartirish taklif qilindi. Bu haqdagi taklif kecha, 6 noyabr kuni parlament majlisida deputat Karakat Abden tomonidan ilgari surildi.
Qayd etilishicha, parlament yalpi majlisida Abden siyosiy sohada ayollar yetakchiligini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, mamlakatda hali sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmayotganini qayd etgan. U Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning gender tenglikka nafaqat maqsad sifatida qarash, balki uni kundalik hayotda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy tamoyilga aylantirish kerakligi haqidagi so‘zlarini ham ta’kidlagan.
“Gender tengligi masalalari bo‘yicha milliy monitoring tizimini joriy etishni, gender kvotalarini belgilashni va ayollarning rahbarlik lavozimlarida ishtirokini oshirishni taklif etamiz”, dedi deputat.
Shu bilan birga, u ayollarni bunday lavozimlarga tayinlash faqat ularning professional sifatlari va malakasiga asoslangan holda amalga oshirilishi zarurligini bildirgan.
Bundan tashqari, deputat davlat xizmatining barcha darajalarida va kvazidavlat sektorda ayollar yetakchiligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni yaratishni taklif etgan.
Bildirilishicha, majlisda eng ko‘p muhokama qilingan takliflardan biri Skandinaviya mamlakatlari amaliyotiga o‘xshash tarzda ayollar uchun qisqartirilgan ish kunini joriy etish bo‘lgan.
“Bu ayollarga oilaga va bolalarni tarbiyalashga ko‘proq vaqt ajratish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Abden 24 soat faoliyat ko‘rsatuvchi bolalar bog‘chalari va ish joylarida bolalar xonalarini tashkil etish, shuningdek, tug‘ruq ta’tilini ikki yilgacha uzaytirishni taklif etgan.
Live
Barchasi