Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendumning yakuniy natijalari e’lon qilindi
Olam
−
08 Oktabr
5026Qozog‘iston Markaziy referendum komissiyasi (Markaziy saylov komissiyasi) atom elektr stansiyasi (AES) bo‘yicha referendumning yakuniy natijalarini e’lon qildi. Bu haqda komissiya rahbari Nurlan Abdirovga tayanib, “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Nurlan Abdirovning ma’lum qilishicha, ovoz berish natijalari quyidagicha: 5 561 937 yoki 71,12 foiz fuqaro “ha” deb ovoz bergan, 2 045 271 fuqaro “qarshi” ovoz bergan (qarshi ovoz bergan fuqarolarning foiz miqdorini komissiya oshkor qilmagan).
Referendumda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolardan 7 820 204 kishi yoki 63,66 foizi ovoz bergan.
Yaroqsiz deb topilgan byulletenlar soni 130 267 tani tashkil etgan. Qozog‘istonliklar ikkala javob variantini belgilagan, byulletenlar esa yaroqli deb hisoblangan, biroq ovozlarni hisoblashda inobatga olinmagan. Bunday byulletenlar soni 82 729 tani tashkil etadi.
Qayd etilishicha, referendumda qabul qilingan qaror uning natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Qaror Qozog‘iston hududida majburiy kuchga ega va uni tasdiqlash uchun hech qanday qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi.
“Shunday qilib, Qozog‘istonliklar 2024 yil 6 oktyabrda o‘tkazilgan referendumda davlat hayotidagi muhim masala bo‘yicha, ya’ni Qozog‘istonda AES qurilishi masalasida ijobiy qaror qabul qilib, o‘z tanlovini qildi”, deydi Nurlan Abdirov.
Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabr kuni Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgandi.
LiveBarchasi