Qozog‘istonda 4 yoshli bola 39 ta magnit sharni yutib yubordi (video)
Olam
−
06 yanvar
4450Qozog‘istonningOqmo‘la viloyati bolalar shifoxonasida jarrohlar besh soatlik murakkab operatsiyada 37 ta magnit sharni yutib yuborgan to‘rt yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Nashrining yozishicha, joriy yilning 2 yanvar kuni Zerinda tumanida yashovchi bola qayt qilish va qorin og‘rig‘idan shikoyat qilib, tuman shifoxonasiga olib borilgan. Rentgen tekshiruvi natijasida bolaning ichagida begona jism borligi aniqlangan. Bolaning onasining so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil 31 dekabr kuni u farzandining og‘zidan bir necha magnit sharchalarni olib tashlagan va hammasi tugadi deb o‘ylagan. Biroq bola o‘sha paytda ko‘proq magnitlarni yutib yuborgan. Qayt qilish sababini Yangi yilda ko‘p ovqat yeganlikdan deb o‘ylagan ota-ona holatdan tashvishlanmagan. Uchinchi kuni bolaning ahvoli yomonlashgachgina uni shifoxonaga olib borgan.
Shifokorlar bolani zudlik bilan tekshirib, operatsiyaga tayyorlagan. Vaqt o‘tgani sababli magnitlar bolaning ichaklariga tarqalgan va ularning ayrimlari ichaklarni teshib o‘tgan.
“Magnitlar bolaning ichaklarini shikastlab, peritonit (ichaklarning yallig‘lanishi)ni keltirib chiqargan. Shu sababli operatsiyani bajarish juda qiyin bo‘ldi va deyarli besh soat davom etdi. Biz laparoskopik usul orqali 39 dona magnit sharchalarni olib chiqdik”, dedi bolalar jarrohi Salimjon Jaqupov.
Ushbu jarrohlik amaliyotida bosh jarroh Yernar Kojabekov va uning assistenti Jaqupov ishtirok etgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, bu kabi holat so‘nggi olti oy ichida uchinchi bor qayd etilmoqda. Ilgari 12 yoki 24 magnit yutib yuborish holatlari uchragan bo‘lsa, bu safar magnitlar soni deyarli 40 taga yetgan. Tezkor tibbiy yordam va muvaffaqiyatli jarrohlik tufayli bolaning hayoti saqlab qolingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada 5 yoshli qizning ichaklaridan 38 ta magnit donachalari topilgan edi. Bursa viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, bola magnitli munchoqni o‘ynayotib, bilaguzukni yutib yuborgan. Vaziyatni anglab yetgan bolaning ota-onasi shifokorga murojaat qilgan.
LiveBarchasi