Qozog‘istonda 16 ta mashina to‘qnashdi. Qurbon bor (video)
Olam
−
30 dekabr 2023
7084Oqmo‘la viloyatida qor bo‘roni tufayli Ostona-Petropavl trassasida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi natijasida 16 ta avtomobil o‘zaro to‘qnashib ketdi. Bu haqda "Aikyn.kz" xabar berdi.
Kecha, 29 dekabr kuni soat 13:18 da Oqko‘l tumani IIB navbatchilik qismiga ushbu YTH bo‘yicha xabar kelib tushgan. Unda aytilishicha, Ostona-Petropavl yo‘lidagi “Gelios” yoqilg‘i quyish shoxobchasi yaqinida ommaviy avariya yuz bergan va bir kishi halok bo‘lgan. Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan militsiya xodimlari YTHda 16 ta yengil avtomobil, jumladan 3 ta “Gazel”, 4 ta yuk mashinasi va 9 ta yengil avtomobil shikastlanganini aniqlagan.
“Afsuski, 28 yoshli avtomashina haydovchisi voqea joyida vafot etdi. Besh kishi turli tan jarohatlari bilan Oqko‘l tuman shifoxonasiga yotqizilgan. Voqea joyida politsiya tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deb xabar bergan Oqmo‘la viloyati IIB matbuot xizmati.
Bildirilishicha, yirik yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Jinoyat kodeksining 345-moddasi 3-qismi “Transport vositasini boshqarish yoki ulardan foydalanish qoidalariga beparvolik oqibatida odam o‘limiga olib keluvchi harakat” bilan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Huquq-tartibot idoralari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab haydovchilar meteorologlar va politsiya xodimlarining ob-havoning keskin buzilishi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, yo‘lni kesib o‘tgan. Shu tariqa ular nafaqat o‘zlarini, balki yo‘lda qolgan boshqa odamlarning hayotini ham xavf ostiga qo‘ygan.
Ayni paytda qor bo‘roni va yo‘lning ahvoli yomonligi sababli viloyatdagi barcha trassalar transport harakati uchun yopilgan. Politsiya bo‘limi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, katta yo‘lda qolgan mashinalarga politsiya hamrohlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyi oxirida Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida ikki o‘rindiqli samolyot mashg‘ulot parvozi vaqtida halokatga uchragan edi.