Qozog‘iston va Norvegiyada yashayotgan Nukus voqeasi ayblanuvchilari ustidan sud davom etmoqda
Jamiyat
−
03 aprel 2023
10392Nukus voqealari bo‘yicha A.Sagidullayev va N.Urazbayev ustidan ularning ishtirokisiz sud davom etmoqda. Bugun, 3 aprel kuni o‘tkazilgan sud majlisida 7 nafar guvohning ko‘rsatmalari eshitildi. Bu haqda Oliy Sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan Jinoyat kodeksining 28, 104, 158, 159, 244 va 244-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan A.Sagidullayev va Jinoyat kodeksining 28, 104, 159, 244 va 244-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan N.Urazbayevga oid jinoyat ishi ochiq sud jarayonida ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi S.Davletmuratov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Shu kunga qadar o‘tkazilgan sud majlislarida jami 29 nafar shaxs, shundan 10 nafari videokonferensaloqa vositasida guvoh tariqasida so‘roq qilingan. Sud jarayoni davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasi (sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki)ga asoslanib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgani va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi sababli ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi A.Sagidullayev va N.Urazbayevning ishtirokisiz o‘tkazilmoqda.
Amanbay Sagidullayev 1967 yilda tug‘ilgan bo‘lib, hozirda Norvegiyada yashaydi. U “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” partiyasi yetakchisi. Niyetbay Urazbayev esa 1969 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati “Allayar yo‘li” qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi. U hozirda Qozog‘istonda yashaydi.