Qozog‘iston Ukrainaga gumanitar yordamning ikkinchi partiyasini jo‘natdi

Olam

image

Bugun, 28 mart kuni Qozog‘iston hukumati Ukrainaga gumanitar yordamning ikkinchi partiyasini yubordi. Bu haqda Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“28 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus reys tashkil etib, Ukraina fuqarolari uchun Olma-ota shahridan Polshaning Katovitse shahriga navbatdagi gumanitar yordam partiyasini yetkazdi”, deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy og‘irligi 17,5 tonna bo‘lgan yuk tarkibida eng zarur mahsulotlar – ko‘rpa-to‘shak va oziq-ovqat bor. Qaytish yo‘lida “Berkut” davlat aviakompaniyasining Il-76 samolyoti qozog‘istonlik diplomatlar ko‘magida Ukrainadan Polshaga kelgan bir necha o‘nlab Qozog‘iston fuqarolari va ularning oilalarini ham olib chiqib ketishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni Qozog‘iston Ukrainaga umumiy og‘irligi 28,2 tonnani tashkil etgan va 17 turdagi dori vositalari: antibiotiklar, yallig‘lanishga qarshi, yo‘talga qarshi va antigipertenziv dorilardan iborat yordamning birinchi partiyasini yuborgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

7

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing