Qozog‘iston Prezidenti Tanzila Norboyevani mukofotladi (video)
Jamiyat
−
18 avgust 5537 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jomart-To‘qayev bugun, 18 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevani 2-darajali “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi joriy yilning 18-19 avgust kunlari Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston Senati Raisini Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi o‘rinbosari Olga Perepechina kutib oldi. Parlament delegatsiyasi dastlab Ostona shahridagi Vatan ozodligi va mustaqilligi uchun kurash yo‘lida Qozog‘iston xalqining jasorati, matonati va qahramonligi ramzi bo‘lgan “Otan qorg‘aushilar” yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.

Keyin Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

U Qozog‘iston Prezidenti qabulida ham bo‘ldi. Suhbat chog‘ida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish kontekstida Qozog‘iston-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Prezident To‘qayev O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisini samimiy qutlar ekan, uning Ostonaga tashrifi Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatining yorqin tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Qosim-Jomart To‘qayev Tanzila Norboyevaning ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.

“Tashrifingiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash nuqtai nazaridan juda muhim. Biz qardosh O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga birinchi navbatda e’tibor qaratamiz. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda juda muhim omil, deb hisoblaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik yaxshi, yaqin va samarali bo‘lsa, umuman mintaqadagi vaziyat shunchalik tinch bo‘ladi. Sizning tashrifingizga kelsak, buni munosabatlarimizning o‘ta muhim elementi bo‘lgan parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash nuqtai nazaridan haqiqatdan ham muhim, deb bilaman”, dedi davlat rahbari.
Tanzila Norboyeva Qosim-Jomart To‘qayevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi.

“U mendan sizlarga o‘zining samimiy salomi, siz qo‘ygan vazifalarni hayotga tatbiq etish yo‘lidagi ezgu tilaklarini yetkazishimni so‘radi. Va, albatta, u mendan barcha erishilgan kelishuvlar uning shaxsiy nazorati ostida ekanini aytishimni so‘radi. Biz esa, albatta, Prezidentning butun jamoasi, jumladan, parlament ham ularni hayotga tatbiq etishga harakat qilamiz, aniq natijalar bo‘ladi. Siz aytganingizdek, O‘zbekiston uchun Qozog‘iston, Qozog‘iston uchun O‘zbekiston eng yaqin, ishonchli hamkordir”, dedi O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi.
Suhbatdoshlar parlamentlararo diplomatiyani, shuningdek, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Fursatdan foydalanib, Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy tilaklarini yo‘lladi.
Qozog‘iston rahbari Tanzila Norboyevani ikki tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlari uchun 2-darajali “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nomidan “xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangandi. Ordenni Norboyevaga Rossiya Federatsiyasi Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko 28 oktyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasi sessiyasining yalpi majlisida topshirgandi. O‘shanda Norboyeva “Bu ordenga albatta munosib bo‘lamiz” (Mi etot orden obyazatelno otrabotayem), deb va’da bergandi.