Qozog‘iston qidirayotgan o‘zbekistonlik Rossiyada ushlandi

Olam

image

2014 yildan buyon Qozog‘istonda qidiruvda bo‘lgan 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada ushlandi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Respublikasi IIV MDH davlatlari huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda qidiruvdagi jinoyatchilarning joylashuvini aniqlash va ularni qo‘lga olish bo‘yicha tadbir olib borgan. Tadbirda Rossiyaning Lyubersi shahrida Chimkent shahar politsiya departamenti xodimlari xorijlik hamkasblari bilan hamkorlikda 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olgan. U 2014 yilda chimkentlik ayolga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini firibgarlik yo‘li bilan sotgan. Jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar 14 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Shuningdek, Moskva shahrida 28 yoshli Qozog‘iston fuqarosi ham qo‘lga olingan. U 2023 yilning aprelidan oktyabrigacha Olmaotada fuqarolardan qimmatbaho smartfonlarni sotib olish va’dasi bilan olib, keyinroq g‘oyib bo‘lgan. Oqibatda yetti kishi aldangan. Yetkazilgan zarar 32 million tengedan (taxminan 800 mln so‘m) oshadi.

Qozog‘iston IIVga ko‘ra, joriy yil boshidan beri Qozog‘iston hududidan tashqarida 11 nafar qidiruvdagi jinoyatchi qo‘lga olingan. Mamlakat hududida esa boshqa davlatlarning tegishli organlari uchun 44 nafar jinoyatchi aniqlanib, ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi “Jaysan” temiryo‘l nazorat-o‘tkazish nuqtasida xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan edi. U Moldova IIV huzuridagi Interpol Milliy markaziy byurosi tomonidan noqonuniy narkotik moddalarni tashish aybi bilan qidiruvda bo‘lgan. Gumonlanuvchi 2013 yilda boshqa shaxslar bilan birgalikda xalqaro narkotik moddalar yetkazib berish tizimini tashkil qilgan. Moldova hududiga kirishga uringanida uning yonidan 46 gramm “geroin” topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston o'zbekistonlik jinoyatchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing