Qoraqalpog‘istondagi voqealar Mirziyoyev hukumati uchun sinovdir – HRW

Olam

image

Qoraqalpog‘istonda 18 kishining o‘limi va 240 dan ortiq fuqaroning jarohatlanishiga sabab bo‘lgan tartibsizliklar ochiq va mustaqil tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. Bu haqda Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkilotining bayonotida aytiladi. 

“Ushbu voqealar O‘zbekistondagi eng jiddiy zo‘ravonlik avj olishi bo‘ldi. Hokimiyat organlarining uning oqibatlariga qarshi harakatlari esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tmishdan voz kechib, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga rioya qilishini ko‘rsatib beradi”, deydi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson. 

HRW bayonotida ta’kidlanishicha, Nukusdagi tartibsizliklar va to‘qnashuvlar tafsilotlari noma’lumligicha qolmoqda, jumladan, rasmiylar mintaqada internetni uzib qo‘ygani ham.

“Bundan tashqari, voqealarni yoritgan jurnalistlarning hibsga olinishi va jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida ham ma’lumotlar bor”, deyiladi bayonotda. 

Tashkilot, shuningdek O‘zbekistonda mustaqil sud tizimi mavjud emasligi, mahkumlarni qiynoqlarga solish holatlari tez-tez uchrab turishi va bunday holatlar kamdan-kam tekshirilayotganini qayd etgan. 

HRW O‘zbekiston hukumatini Qoraqalpog‘istonda internet aloqasini zudlik bilan tiklashga va jurnalistlarni ta’qib qilishni bas qilishga chaqirgan. 

Aytish joizki, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari vakillari o‘rtasida Nukusda xorijiy jurnalistlarga voqealarni yoritishga to‘sqinlik qilinayotgani, jumladan Britaniyada chop etiladigan “The Economist” jurnalining Nukusda bo‘lib turgan muxbiri Joanna Lillis voqealarni yorita olmayotgani, undan texnikalari olib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov bu xabarlarni rad etdi. Unga ko‘ra, jurnalistlarning Nukusdagi voqealarni yoritish jarayonida hech qanday muammo yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

151

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing