Qoraqalpog‘istondagi talato‘plar ortidan qamalganlarning yana 10 nafari oilasiga qaytarildi
Jamiyat
−
30 avgust 2022
8106Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda ishtirok etganlikda gumonlanayotgan yana 10 nafar shaxsning qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirildi. Bu haqda Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya ma’lum qildi.
“Bugun Komissiya a’zolari taklifi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan 24 nafar gumonlanuvchining jamoat kafilligi asosida o‘z oilasiga qaytarilgani haqida xabar bergan edik.
Shu kunning o‘zida yana 10 nafar fuqaroning qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirildi.
30 avgust kunining o‘zida jami 34 nafar fuqaro insonparvarlik tamoyili asosida oilasi bag‘riga qaytarildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuraturaga kiritilgan ro‘yxat, namoyishlarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, olib ketilgan shaxslarning oila a’zolari tomonidan Komissiyaga qilingan murojaatlarining o‘rganilishi va gumonlanuvchilar bilan shaxsan suhbatlashish asosida shakllantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
LiveBarchasi