Qoraqalpog‘istondagi 75 bemorga mo‘ljallangan shifoxonada 157 kishi davolanyapti – Ombudsman

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, markazda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2 marotaba Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan.

Vazirlikning javob xatiga ko‘ra, 2018-2020 yillar mobaynida ushbu muassasani ta’mirlash uchun jami 1,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga ta’mirlash ishlari olib borilgan. Bemorlar uchun esa 725,2 mln so‘mdan ortiq mablag‘ga kerakli qattiq va yumshoq inventarlar xarid qilingan. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ushbu muassasani rekonstruksiya qilish ishlari uchun 10,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.

Mazkur javob xatida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani filialini boshqa binoga ko‘chirilishi bo‘yicha choralar amalga oshirilayotganligi qayd etilgan.

2023 yil oxirida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili ushbu muassasaga qayta monitoring tashrifini amalga oshirgan. Tashrif davomida tibbiyot markazida bemorlarga yaratilgan sharoitlar bartaraf etilmagani ma’lum bo‘lgan. Xususan, o‘rganish kuni 75 nafar shaxsga mo‘ljallangan muassasada 157 nafar bemor davolanayotgani aniqlangan.  

Shu bilan birga, muassasa binosi to‘liq kapital ta’mirtalab holda bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmagani va bemorlarni ochiq havoda sayr qilish maydoni ham talab darajasida emasligi, filialning barcha qavatlaridagi yuvinish xonalarida issiq suv mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, davolanish xonalarida krovatlar zich joylashtirilgani va asbob-uskunalarning yaroqsiz holatda ekanligi, hattoki, ovqatlanish xonasi tashkil etilmagani, maxsus idishlarning yo‘qligi sababli bemorlarning ovqatlanishi uchun o‘zlari tomonidan olib kelingan idishlardan foydalanayotgani aniqlangan.

Monitoring davomida Ombudsmanning mintaqaviy vakili darhol elektr isitish qurilmasining almashtirilishini talab qilgani sababli, issiq suv masalasi joyida hal etilgan.

“O‘rganishlar tegishli mas’ullarning e’tiborsizligi oqibatida muassasadagi bemorlar noqulay sharoitlarda davolanishga majbur bo‘layotganligini ko‘rsatmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman tegishli mas’ul vazirlikni zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqiradi hamda ushbu muassasaga ajratilgan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanganlik holatini o‘rganishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi”, deyiladi Ombudsman xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston Ombudsman narkologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing