Qoraqalpog‘istonda vaziyat o‘nglandimi? Prezident ma’lumot berdi
Jamiyat
−
06 iyul 2022
14171Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘istondagi vaziyat izga tushmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘istondagi hozirgi vaziyat haqida ma’lumot berdi.
“Eng asosiysi, aholining tinchligi va hayotiga hech narsa xavf solayotgani yo‘q”, deydi davlat rahbari.
Uning qayd etishicha, iqtisodiyot tarmoqlari ishlamoqda. Odamlar kundalik ishlari va yumushlari bilan band. Dehqonlar o‘z dalasida ishlamoqda, peshona teri bilan yaratgan hosillarini yig‘ishtirmoqda.
“Bozorlar, do‘konlar va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlaridan bu yerga oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
Davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik vakillari va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari tomonidan hududda barqaror vaziyatni ta’minlash bo‘yicha uyushgan va muvofiqlashgan holda ish olib borilmoqda”, deydi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi