Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga beriladigan bepul yegulik ichidan dori chiqishi ortidan jinoyat ishi ochildi
Jamiyat
−
15 may 2023
12974Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir nechta maktablarga keytering usulida yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka ko‘rinishida dori vositalari chiqqani haqida tarqalgan xabarlar ortidan tuhmat va raqobatchini obro‘sizlantirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston prokuraturasi xabar berdi.
Aniqlanishicha, bir guruh shaxslar keytering usulida oziq-ovqat ta’minotini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga nisbatan tuhmat uyushtirish orqali ularni obro‘sizlantirish maqsadida, 3 ta holatda ichiga dori vositalari joylashtirilgan bulka va pryanik mahsuloti, go‘yoki Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridagi ta’minotchilar tomonidan tarqatilgani haqidagi iddaolar bilan asossiz va noxolis ma’lumotlar tarqatgan. Shu tufayli tadbirkorlik sub’ektlarining nufuziga putur yetkazgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “g” bandi (tuhmat) va 192-moddasi (raqobatchini obro‘sizlantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi tergovi yakuniga ko‘ra, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etilishi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida maktab o‘quvchilariga berilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasidan qum chiqqandi. Keyinchalik Ellikqal’a tumanidagi o‘quvchilarga beriladigan yegulik ichidan dori chiqqani aytilgan edi.
LiveBarchasi