Qoraqalpog‘istonda qaynota kelinini davolashga borgan tez yordam xodimlarini kaltakladi (video)
3-sahifa
−
07 yanvar
6598Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklangani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Amudaryo tumani Tez tibbiy yordam boshqarmasiga soat 19:40 “Qilichboy” MFYda yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan K.R. ismli fuqaro bo‘yicha chaqiruv kelib tushgan. Chaqiruvga asosan shifokor S.P., feldsher B.J. va haydovchi M.H. 8 daqiqa 30 soniyada, ya’ni soat 19:48 da manzilga yetib borgan.
Xodimlar bemorni tekshiruvdan o‘tkazib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shu vaqtda bemor qaynotasiga xonadan chiqib turishni iltimos qilganida, uning qaynotasi mast holatda bo‘lib, xonadan agressiv holatda chiqib ketgan.
Xodimlar bemorga kerakli yordamni ko‘rsatib tashqariga chiqayotgan paytda bemorning qaynotasi shifokor va feldsherga hujum qilib, ularning yuzi va bo‘yniga yengil tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, ularni tahqirlab, haqoratli so‘zlarni aytgan.
Mazkur holatni sodir etgan qaynota IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan.
“Tan jarohati olgan TTYO xodimlari Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasining travmatologiya punktida shifokor ko‘rigidan o‘tkazilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyun oyida Toshkent viloyatida 26 yoshli yigit chaqiruv bo‘yicha kelgan tez tibbiy yordam shifokorini kaltaklagandi. Shifokor bemorga qo‘shimcha kasalliklari bor-yo‘qligi haqida savollar berganida bemor shifokorga qarab “san kimsan, ishingni tezroq qil” degan va o‘rnidan turib, to‘satdan shifokorning yuziga musht bilan urgan.
LiveBarchasi