Qoraqalpog‘istonda FVV askari 5 kishini pichoqladi. Qurbon bor (video)

3-sahifa

image

Kecha, 3 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida Favqulodda vaziyatlar vazirligi saflarida xizmat o‘tayotgan oddiy askar besh kishini pichoqladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, vazirlikning Maxsus muhandislik qurilish boshqarmasi 1-sonli muhandislik qurilish bataloni 2-otryad 5-guruh oddiy askari G.M. mast holatda xizmat o‘tayotgan ushbu batalonning 1-otryad 5-guruh oddiy askari J.N.ni urib, ko‘chaga chiqib ketgan. Soat 03:30 da Nukus shahrining Danalar ko‘chasida joylashgan 41-uyga kirib, uydagi oshxona pichog‘i va chopqini olgan. Shundan so‘ng uyda uxlab yotgan xonadon keliniga tegajog‘lik qilgan. Uning ovozidan uyg‘ongan turmush o‘rtog‘i Z.K.ga esa pichoq bilan tan jarohati yetkazgan. So‘ngra Z.K.ning otasi D.A., uning yana bir qarindoshi R.A.ga chopqi bilan hujum qilib, ularga turli darajada tan jarohati yetkazgan.

Bundan tashqari, G.M. jinoiy harakatlarini davom ettirib, soat chamasi 04:00 da Nukus shahri Aybuyir ko‘chasida joylashgan 18-uyda yashovchi A.S. uyining eshigini yopayotgan vaqtida unga ham chopqi bilan tashlanib, voqea joyidan qochib ketgan. A.S. esa o‘g‘li S.A.ni chaqirib, notanish bir odam tan jarohat yetkazganini aytgan. S.A. ushbu notanish kishini topish uchun mashinasida ko‘chaga chiqqanida, G.M. uni ham jarohatlagan.

Jabrlanuvchilarning 1 nafari vafot etgan, 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Voqea joyidan 1 dona tig‘ sohasi uzunligi 20 sm, eni 8 sm, sop qismi uzunligi 12 sm bo‘lgan chopqi qonga o‘xshash dog‘lar bilan ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi va 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) 2-qismi “a, l” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi shaxs (2005 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan G.M.) protsessual tartibda ushlangan. Hozirda Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod shahri IIB binosida sudlanuvchining akasini kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan IIB xodimi 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

FVV Nukus Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qoraqalpog'iston oddiy askar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing