Qoraqalpog‘istonda 3 ta bug‘u o‘ldirgan shaxs tabiatga 3 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazdi
3-sahifa
−
27 noyabr
3495Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 bosh Buxoro bug‘usi ovlanib, tabiatga 3 milliarddan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik tasarrufidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati xodimlari tomonidan Buxoro bug‘usi ovlangani aniqlangan. Holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIB tomonidan o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, M.K. ismli shaxs tomonidan bitta erkak va ikkita urg‘ochi bug‘ular ov miltig‘i bilan o‘ldirilgan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida rezervatning zaxira yerlaridan 2 ta ov miltig‘i o‘q dorisining plastik bo‘laklari, qonga o‘xshash qizil dog‘lar va ov miltig‘i topilgan. Ov miltig‘i ashyoviy dalil sifatida olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘ulari o‘ldirilishi natijasida hayvonot dunyosiga jami 3 mlrd 375 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Hozirda Beruniy tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 4 tup yong‘oq daraxtlarini hech qanday ruxsatnomalarsiz kesib tashlagan fuqaro tabiatga 247.500. 000 so‘m miqdorida zarar keltirgandi. Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
LiveBarchasi