Qoraqalpog‘istonda homilador ayol va ikki erkak is gazidan vafot etdi
3-sahifa
−
26 Oktabr
4421Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida joriy yilning 18 oktyabr kuni homilador ayol, uning turmush o‘rtog‘i hamda ularning yana bir qarindoshi is gazidan vafot etganligi haqida QALAMPIR.UZ'ga xabar kelib tushdi. Unda 23 yoshli ayolning homilasi besh oylik ekanligi aytildi.
Tahririyat voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi.
Uning bizga ma’lum qilishicha, haqiqatdan ham joriy yilning 18 oktyabr kuni Nukus shahrining 23-kichik tumani 3/6-uyning 33-xonadonida uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etgan. Shu kuni ertalab soat 07:51 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali shifokori K.Ye. “102” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, 1999 yilda tug‘ilgan Ya.A. va uning 2001 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i Ya.M. hamda ularning uyiga mehmon bo‘lib borgan qarindoshi, 1997 yili tug‘ilgan T.A. is gazidan zaharlanib vafot etganini aytgan.
Voqea joyiga tergov-tezkor guruhi yuborilib, olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, ushbu fuqarolar uyning isitish qozonxonasi mo‘risidan chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etgani tasdiqlangan.
Hozirda holat yuzasidan tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 22 oktyabr kuni Qo‘shrabot tumanidagi uylardan birida gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 nafar a’zosi halok bo‘lgandi. Mazkur holat yuzasidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi havo haroratining pasayishi va isitish moslamalaridan foydalanish ehtiyoji ortishi munosabati bilan uy-joy sektorlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlaridagi gaz, elektr va boshqa yoqilg‘ida ishlovchi isitish moslamalarini soz hamda shay holatga keltirish choralarini mavsum boshlanishidan avval amalga oshirish zarurligini bildirgandi.
LiveBarchasi