Qoraqalpog‘iston ham koronavirusdan holi hudud bo‘lishga yaqin turibdi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 29 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

"Ayni soatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 5 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Sog‘ayganlarning barchasi erkak bo‘lib, yoshi kattasi 43, yoshi kichigi esa 35 yoshda. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatidan 2 nafardan, Samarqand viloyatidan 1 nafar.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘istonda shu paytga qadar 133 ta holatda kasallik qayd etilgan bo‘lsa, ularning 122 nafari sog‘aygan edi. Endilikda koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘lganlar soni 127 nafarga yetdi. Hozirda shifokorlar ushbu hududda davolanayotgan 6 nafar bemor hayoti uchun kurashmoqda.

Shunday qilib, bugun 34 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2728 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda mamlakatda koronavirusga chalinganlar 3468 nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha 14 nafar bemor vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

119

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing