Qorabog‘ning sobiq prezidenti umrbod qamaldi

Olam

image

Bugun, 5 fevral kuni Boku harbiy sudi tog‘li Qorabog‘ Respublikasining sobiq prezidenti Araik Arutyunyanni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda APA xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Araik Arutyunyan 2020 yildan 2023 yil avgust oyining oxirigacha mamlakat rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. 

Manbaga ko‘ra, Ozarbayjon rasmiylari uni qator og‘ir jinoyatlarda – tajovuzkor urushga tayyorgarlik ko‘rish va uni olib borish, genotsid, urush qonunlari va urf-odatlarini buzish, terrorizm hamda terrorizmni moliyalashtirish, shuningdek, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va saqlab qolishda ayblagan.

Sud ishida boshqa sudlanuvchilar ham shunga o‘xshash ayblovlar bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular orasida tog‘li Qorabog‘ Respublikasi sobiq mudofaa vaziri Levon Mnatsakanyan, Respublika parlamentining sobiq spikeri David Ishxanyan, Qorabog‘dagi Armaniston kuchlari qo‘mondoni sobiq o‘rinbosari David Manukyan va tog‘li Qorabog‘ Respublikasi tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari David Babayan ham bor.

Qayd etilishicha, sudlanganlarning barchasi 2023 yil oxirida Ozarbayjonning Qorabog‘dagi harbiy operatsiyasidan so‘ng hibsga olingan. Mazkur operatsiya natijasida bahsli hudud to‘liq Boku nazoratiga o‘tgan.

Shuningdek, tog‘li Qorabog‘ Respublikasi sobiq vaziri Ruben Vardanyan ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkinligi aytilmoqda. Sudlanuvchilarning hech biri o‘z aybini tan olmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. U rasmiy hujjatlarni soxtalashtirishda va harbiy holat joriy etish uchun qonuniy talablarga rioya qilmaslikda aybdor deb topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Boku Araik Arutyunyan Qorabog' Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing