Aliyev Zelenskiyni qo‘llayapti, Kreml hozircha miq etmayapti  

Tahlil

Reklama
0:00

Rossiya osmonida urib tushirilgan yo‘lovchi samolyoti, Yekaterinburgda sirli tarzda halok bo‘lgan ozarbayjonliklar, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning rus dronlari ostidagi Kiyevga safari. Bularning bari bir qarashda alohida voqea bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo ularni bitta chiziqqa joylashtirsak, butunlay boshqa manzara paydo bo‘layotganini anglash qiyin emas. Bir necha yil oldin Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi eng ishonchli hamkorlaridan biri hisoblangan Ozarbayjonning bugun Kreml bilan munosabatlari tobora sovuqlashib, uning dushmani Ukraina apoq-chapoq bo‘lishga urinmoqda. Xo‘sh, nega? Bayramov Kiyevga shunchaki diplomatik tashrif bilan bordimi, yoki bu tashrif ortida Moskva uchun ancha xavfli signal yashiringanmi? Rossiya nega buni oddiy tashrif sifatida qabul qilmayapti? Xo‘sh, Aliyev tarafkashlik qilyaptimi? Yaqin daqiqalar ichida shu savollarga javob topamiz.

Hozirda dunyo mediasi tomonidan “tarang” deya baholanayotgan Rossiya va Ozarbayjon munosabatlari doim ham bugungidek bo‘lmagan. Aksincha, uzoq yillar davomida Moskva va Boku o‘rtasida o‘ziga xos strategik muvozanat mavjud edi. 2020-yilda Ikkinchi Qorabog‘ urushida Ozarbayjon tarixiy g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, Rossiya mintaqadagi asosiy vositachi maqomini saqlab qoldi. 2022-yilning fevralida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Ittifoqchilik o‘zaro hamkorligi to‘g‘risida”gi deklaratsiyani imzoladi. Energetika, transport, harbiy xavfsizlik va iqtisodiy sohalaridagi hamkorlik yangi bosqichga o‘tdi. Rossiya uchun Ozarbayjon Janubiy Kavkazdagi muhim tayanch edi. Ozarbayjon uchun esa Rossiya bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish zarurat edi. Bir tomondan Turkiya, ikkinchi tomondan Rossiya, uchinchi tomondan G‘arb. Aliyev aynan mana shu 3 kuch orasida muvozanatni saqlashga harakat qildi. Hatto 2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ham Boku Moskvaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmadi. Rossiyani ochiq tanqid ham qilmadi. Shu sabab ko‘plab ekspertlar Ozarbayjonni Kremlning postsovet hududidagi eng muhim sheriklaridan biri sifatida ko‘rishda davom etdi. Ammo bu munosabatlar uzoqqa bormadi.

O‘rtaga sovuqchilik solgan samolyot  

2024-yilning 25-dekabrida Boku-Grozniy yo‘nalishida uchayotgan AZAL Embraer-190 samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchradi va oqibatda 38 kishi halok bo‘ldi. Dastlab uchoqning halokatiga qushlar to‘dasi, texnik nosozlik, kislorod ballonining portlashi sabab bo‘lgani vaj qilib ko‘rsatilgan edi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay samolyot fyuzelyajidagi teshiklar aks etgan suratlar va videolar internetda tarqala boshladi. Bu teshiklar oddiy avariya izlariga emas, balki tashqi zarba oqibatiga o‘xshashi sezilib turardi.

Ozarbayjon tomoni tekshiruv davomida samolyotga "tashqi fizik va texnik aralashuv" bo‘lganini ma’lum qildi. G‘arb nashrlari va ayrim tahlilchilar samolyot Rossiya havo mudofaa kuchlari tomonidan Ukraina droni bilan adashtirib urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Kreml esa uzoq vaqt davomida to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi va Putin halokat sabab shunchaki Aliyevga hamdardlik bildirib qo‘ya qoldi. Ammo Boku kutayotgan narsa hamdardlik emas edi. Ular aybdorlar aniqlanishini, hech kimning tinchini buzmagan uchoqqa qilingan hujumni xalqaro darajada rasman tan olib, kompensatsiya to‘lanishini qattiq istadi. Gap oddiy samolyot halokati haqida emas edi-da, gap davlat sha’ni haqida ketayotgandi. Aliyev ozarbayjonliklar oldida Rossiyaga nisbatan sukut saqlay olmasdi. Aynan shu voqea Moskva va Boku o‘rtasidagi ishonchni jiddiy darajada yemira boshladi. Ammo bu mamlakatlar orasidagi ziddiyatning boshlanishi edi, xolos. Oradan ko‘p o‘tmay ikki davlat munosabatlarini yanada og‘irlashtirgan yangi voqea yuz berdi.

Yekaterinburgdagi reyd  

AZAL samolyoti halokati ortidan Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi ishonchga jiddiy darz ketdi. Ammo Kreml bu inqirozni diplomatik yo‘l bilan yumshatishi mumkin edi. Biroq oradan yarim yil ham o‘tmay sodir bo‘lgan yana bir voqea vaziyatni butunlay boshqa bosqichga olib chiqdi. Bu safar gap samolyot haqida emas edi. Gap butun boshli ozar millatining kishilari haqida edi. Va aynan shu voqea Ozarbayjon jamiyatida Rossiyaga nisbatan yillar davomida yig‘ilib kelgan norozilikni yuzaga chiqardi. 2025-yil iyun oyi oxirida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida xavfsizlik kuchlari ozarbayjonliklarga qarshi keng ko‘lamli reyd o‘tkazdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari bu amaliyotni 2000-yillar boshida sodir etilgan og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tergov bilan izohladi. Ammo reyd yakuni Boku kutganidan ancha dahshatli bo‘ldi. Ikki nafar ozarbayjonlik hibs vaqtida vafot etdi. Rossiya rasmiylari ulardan biri yurak xurujidan vafot etganini ma’lum qildi. Ammo Ozarbayjon bunga ishonmadi. Bokuda o‘tkazilgan ekspertizalar marhumlarning tanasida zo‘ravonlik alomatlari borligini isbotladi. So‘ng Boku bu hodisani "vahshiyona qotillik" deb atadi va Rossiyadan to‘liq tergov talab qildi. Bu endi oddiy diplomatik norozilik emas edi. Aliyev hukumati Rossiyaga nisbatan so‘nggi yillardagi eng keskin javob choralarini ishga soldi. Avvalo, Rossiyaning Bokudagi madaniy tadbirlari bekor qilindi. Rossiya rasmiy delegatsiyalarining tashriflari muzlatildi. Parlamentlararo uchrashuvlar bekor qilindi. Shundan so‘ng Ozarbayjon huquqni muhofaza qiluvchi organlari Rossiyaning davlat media tarmog‘i Sputnik Azerbaijan ofisida reyd o‘tkazdi va uning rahbarlarini qo‘lga oldi. Bu esa Moskva uchun juda og‘riqli signal edi. Chunki Kreml postsovet hududida o‘zining axborot tarmoqlariga tegilishini deyarli har doim siyosiy hujum sifatida qabul qilib kelgan. Rossiya bunga javoban Bokuni vaziyatni sun’iy ravishda keskinlashtirishda aybladi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ozarbayjonning javob choralarini "haddan tashqari keskin" deb baholab, bunday harakatlar ikki davlat manfaatlariga mos kelmasligini aytdi. Ammo bu safar Boku ortga chekinmadi.

Aliyev nega bu safar jim turmadi?  

Dunyo siyosatchilari bilan solishtirganda Ilhom Aliyevning butun tashqi siyosati kuch markazlari o‘rtasida muvozanatni saqlashga qurilganini ko‘rish mumkin. Shunday ekan, nega aynan endi u Kremlga nisbatan bunchalik qat’iy pozitsiyani egalladi degan savol tug‘iladi. Buning bir nechta sababi bor.

Birinchidan, AZAL samolyoti halokati bo‘yicha Moskvaning to‘liq javobgarlikni tan olmagani Bokuni qattiq ranjitdi. Ikkinchidan, Yekaterinburgdagi voqealar bu ishonchsizlikni yanada chuqurlashtirdi. Uchinchidan esa Rossiyaning Ukrainadagi urushi tufayli Kremlning Janubiy Kavkazdagi ta’siri avvalgidek kuchli emasligi tobora yaqqol ko‘rina boshladi. Bugun Rossiyaning asosiy harbiy va siyosiy resurslari Ukrainaga yo‘naltirilgan. Bu esa Aliyevga ilgari bo‘lmagan darajada mustaqil tashqi siyosat yuritish imkoniyatini berdi. Ko‘plab xalqaro tahlilchilar aynan shu davrni Rossiya va Ozarbayjon munosabatlaridagi eng chuqur inqirozlardan biri sifatida baholamoqda.

Yaqinda, 6 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovni qabul qilganidan xabardor bo‘lsangiz kerak. Rossiya bilan munosabatlar sovuqlashayotgan bir paytda Bayramovning aynan Kiyevga borishi tasodif emas edi har xolda. Chunki urush davom etayotgan davlatga tashrif buyurishni siyosiy “yurish” deb ham hisoblash mumkin. Ayniqsa, bu davlat Rossiya bilan urishayotgan Ukraina bo‘lsa.

Bayramov Kiyevga borishi bilan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bilan uchrashdi. So‘ng Irpin shahridagi Ozarbayjon mablag‘lari hisobidan tiklangan maktab, shifoxona va reabilitatsiya markazlarini ko‘zdan kechirdi. Ammo eng muhim uchrashuv Vladimir Zelenskiy bilan bo‘ldi. Rasmiy bayonotlarda energetika, mudofaa, neft-gaz, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy hamkorlik muhokama qilingani aytilmoqda. Ammo Bayramovning Kiyevga yuborilishi orqali Boku bir vaqtning o‘zida Moskva tomonga ham bir nechta signal yubordi. Bu tashrif orqali Ozarbayjon yana bir bor Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ya’ni, Ozarbayjon bu pozitsiyasi bilan Rossiya bizniki deya da’vo qilib, urishayotgan Dombas aslida Ukrainaniki ekanligini tasdiqlab qo‘ydi va bu bilan qaysidir ma’noda Ozarbayjon “o‘z tarafi”ni belgiladi. Tarixga qaraydigan bo‘lsak, Ozarbayjon va Ukrainaning taqdiri bir-birinikiga o‘xshab ketadi. Yillar davomida Boku butun dunyodan Qorabog‘ni Ozarbayjon hududi sifatida tan olishni talab qilib keldi. Bugun esa xuddi shu qismat Ukraina bilan ham takrorlanmoqda. Ozarbayjon esa bu yo‘lni bosib o‘tgan “tajribali” davlat sifatida Ukrainaga ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqda. Buni Aliyevning joriy yil 13 iyul kuni “IV Shusha Global mediaforum”i doirasida ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonning Ukrainaga hamda Putinga qanday maslahatlar berishi haqidagi savoliga bergan javobi ham isbotladi:  

“Ukraina xalqi va mamlakat rahbariyati maslahatlarga muhtoj emas. Ukraina hech qachon istiloga rozi bo‘lmasligi kerak va Kiyev bugun aynan shunday pozitsiyada turibdi”, degan Aliyev.

G‘arb uchun yangi energetik hamkor kim?  

Bugungi dunyoda energetika geosiyosatning eng muhim qurollaridan biri hisoblanadi. 2022-yildan buyon Rossiya gazidan voz kechishga urinayotgan Yevropa yangi yetkazib beruvchilar izlamoqda. Mazkur jarayonda AQSH, Norvegiya kabi davlatlar bilan bir qatorda Ozarbayjonning ahamiyati ham keskin oshmoqda.

Bugungi kunda Janubiy gaz koridori orqali Ozarbayjon gazni Turkiya orqali Yevropaga yetkazib beryapti va shu orqali Yevropa asta-sekin rus neftini diversifikatsiya qila olmoqda. Demak, Boku nafaqat harbiy yoki siyosiy, balki energetik jihatdan ham G‘arb uchun muhim hamkorga aylanmoqda.

Bayramovning Kiyev safari aynan mana shu yangi geosiyosiy vaziyat fonida amalga oshirildi. Ya’ni Ozarbayjon G‘arbga “biz Rossiyaning mutlaq ittifoqchisi emasmiz”, degan signalni bermoqda. Ukraina uchun Bayramovning Kiyevga tashrifi ramziy g‘alaba ham bo‘ldi deyish mumkin. Sababi Rossiya uzoq vaqt postsovet davlatlarini o‘zining tabiiy ta’sir zonasi deb bilib kelgan. Bugun esa ana shu hududdagi eng muhim davlatlardan biri Ukraina bilan strategik hamkorlikni kuchaytirmoqda. Bundan tashqari Ozarbayjon Ukrainaga urush boshidan beri insonparvarlik yordami ko‘rsatib kelmoqda. Energetika infratuzilmasi uchun transformatorlar, generatorlar, tibbiyot uchun dori-darmonlar yetkazib berdi. Irpindagi qayta tiklangan ob’ektlar ham aynan shu siyosatning mahsuli edi. Bu yordam harbiy yordam bo‘lmasa ham, urush sharoitida strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.

Rossiya nega bundan xavotirda?  

Rossiya ham ushbu tashrifdan xavotirga tushmoqda. Muammo faqat Ukrainada emas. Masala ancha keng. Rossiya Sovet Ittifoqi parchalangandan buyon Kavkazni o‘zining geosiyosiy xavfsizlik kamarlaridan biri deb hisoblab keladi. Bugun esa bu kamar asta-sekin qo‘ldan ketmoqda. Armaniston G‘arb bilan yaqinlashmoqda. Gruziya Rossiya bilan murakkab munosabatlarni saqlab turibdi. Endi esa Ozarbayjon ham tobora mustaqil siyosat yurita boshladi. Kremli uchun eng xavfli jihat ham aynan shu. Shu sabab Bayramovning Kiyev safari Moskvada oddiy tashrif sifatida emas, balki Rossiyaning postsovet hududidagi ta’siri zaiflashayotganining yana bir belgisi sifatida qabul qilindi.   Xullas, Ozarbayjon hali Rossiyadan butunlay yuz o‘girganini aytish qiyin. Boku hamon Moskva bilan iqtisodiy, transport va xavfsizlik sohalarida muhim aloqalarni saqlab qolmoqda. Biroq so‘nggi voqealar shuni ko‘rsatadiki, Aliyev avvalgidek Kreml manfaatlarini inobatga oluvchi ehtiyotkor siyosat bilan cheklanib qolishni istamayapti. AZAL samolyoti halokati, Yekaterinburgdagi reydlar va Moskvaning bu voqealarga munosabati Ozarbayjon jamiyatida ham, siyosiy elitasida ham Rossiyaga bo‘lgan ishonchni sezilarli darajada zaiflashtirdi. Bu tashrif orqali Boku nafaqat Ukrainaga nisbatan pozitsiyasini namoyish etdi, balki dunyoga Ozarbayjon mustaqil tashqi siyosat yuritishga tayyor ekanini ham ko‘rsatdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing