Ukraina Rossiya ichkarisiga zarbalarni ko‘paytiradi – Zelenskiy
Olam
−
22:35 808 2 daqiqa
Ukraina harbiy rahbariyati “Rossiya hujumlariga javoban uzoq masofaga harakat qiluvchi qurollardan foydalangan holda” yangi operatsiyalarni kelishib oldi. Bu haqda bugun, 19 sentyabr kuni mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Mixail Drapatiy va Mudofaa vaziri Yevgeniy Xmara bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
“Uzoq masofalarga zarba berish imkoniyatlarimizni kengaytirishga tayyorlayapmiz”, deydi Ukraina yetakchisi.
U boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
Ma’lumot uchun, yil boshidan beri Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning yonilg‘i-energetika majmuasi ob’ektlariga zarbalarni ko‘paytirdi. Sentyabr oyiga kelib, Ukraina dronlari neftni qayta ishlash zavodlarini (NQZ) kamida 70 marta nishonga oldi, buning oqibatida mamlakatda neftni qayta ishlash hajmi so‘nggi ikki dekadadagi eng past darajaga tushib ketdi va bu benzinning o‘tkir tanqisligiga hamda yonilg‘i quyish shoxobchalarida cheklovlar joriy etilishiga olib keldi. Shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari harbiy zavodlar, port infratuzilmasi va “soyadagi flot” kemalariga zarbalar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatishga rozi bo‘lganini e’lon qildi. U Ukraina Qurolli kuchlarining neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari jahon bozorida dizel yonilg‘isi va boshqa neft mahsulotlarining tanqisligini keltirib chiqarganini ta’kidladi.
Zelenskiy Rossiyaga energetik sulh uchun ob’ektlar ro‘yxatini “stolga qo‘yishni” taklif qilgan edi. Kremlda Trampning tashabbusini oshkora ravishda “yaxshi g‘oya” deb atashdi, biroq “Financial Times” manbalari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bunday bitim tuzishni xohlamaganini, chunki Ukraina energetikasiga berilayotgan zarbalar Kiyevni yon berishga majbur qilishi mumkin deb hisoblashini bildirgan.