Qorabog‘ Ozarbayjonga nisbatan da’vo bilan chiqdi

Olam

image

Tog‘li Qorabog‘ hududida Ozarbayjon tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida uch nafar harbiy xizmatchi jarohat olgan. Bu haqda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 11 dekabr kuni Hadrut hududida sodir bo‘lgan.

“20:40 atrofida dushman Mudofaa armiyasining janubiy yo‘nalishdagi pozitsiyalaridan biriga hujum qilishga urindi. Otishma natijasida zaxiradagi uch nafar harbiy har xil darajada jarohat olgan, ularning hayoti xavf ostida emas”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, vazirlik Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida Armaniston kuchlarining qurolli provokatsiyasi, oqibatida ozar askari jarohat olgani haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida faol qurolli to‘qnashuvlardan boshlanganda rasmiy Toshkent holatga munosabat bildirib, tomonlarni murosaga chaqirgandi. Ushbu masalani YeXHTning Minsk guruhi doirasida hal etilishi kerakligini aytgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Qorabog'

Baholaganlar

134

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing