Ozarbayjon Turkiyaning 31 fuqarosiga sanksiya qo‘lladi. Vaziyat jiddiy!

Olam

−

image

Ozarbayjon Turkiyaning 31 nafar fuqarosini “nomaqbul shaxslar” deb e’lon qildi va ularga mamlakatga kirishni taqiqladi. Ro‘yxatda “Yeniden Refah Partisi” (“Qayta farovonlik”) partiyasi raisi Fotih Erboqon, deputat Umar Farruh Gergerlio‘g‘li, sobiq sport hakami Ahmad Chaqar va jurnalist Yusuf Qoplon, Ayasofiyaning sobiq imomi va Marmara universiteti ilohiyot fakulteti o‘qituvchisi Mehmet Bo‘yniqalin ham bor. Ro‘yxat Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi. 

Sanksiya qo‘llanilgan shaxslar ro‘yxatida siyosiy, ommaviy axborot vositalari, akademik va diniy doiralardagi taniqli shaxslarning mavjudligi e’tiborni tortadi.

Bayonotda ushbu qaror mamlakat suvereniteti, milliy xavfsizligi va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish maqsadida qabul qilingani qayd etilgan. Ro‘yxatga kiritilgan shaxslar ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida Ozarbayjon suvereniteti, konstitutsiyaviy tuzumi, xalqi va rahbariyatiga qarshi qaratilgan bayonotlardan foydalangan.

Hujjatda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga chaqirish, diniy radikalizm asosida zo‘ravonlikni rag‘batlantirish va diniy nafrat va adovatni qo‘zg‘atish kabi da’volar qaror qabul qilish uchun asoslar sifatida sanab o‘tilgan.

Biroq, ro‘yxatda ko‘rsatilgan shaxslarning aynan qaysi biriga va qanday bayonot yoki xatti-harakati tufayli sanksiya qo‘llanilayotgani haqida aniq misollar e’lon qilinmadi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga qarshi qaratilgan deb hisoblagan bayonotlarga va adovatni qo‘zg‘atadigan faoliyatga qarshi choralarni ko‘rishda davom etishini ma’lum qilgan. 

Sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning asosiy qismi siyosatchilar, din vakillari, jurnalist, yozuvchilar va ijtimoiy tarmoq faollari bo‘lib, ular orasida Turkiyaning atoqli siyosiy va davlat arbobi, olim va muhandis, mamlakatning sobiq Bosh vaziri (1996–1997) Najmiddin Erboqonning o‘g‘li Fotih Erboqonning borligi e’tiborni tortadi. Boisi, Najmiddin Erboqon Hukumatga boshchilik qilgan davrda tashqi bosimlarga qaramay, Ozarbayjonning Qorabog‘ masalasi bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini bildira olgan va bu borada Bakuni qo‘llagan sanoqli rahbarlar toifasiga kirgan. 

Ozarbayjonda Turkiyaning 31 fuqarosiga nisbatan sanksiya yaqinda Bakudagi maktablarda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi va o‘qituvchilar maktabdan chetlashtirilib, darslarga kiritilmayotgani aks etgan videolar ortidan bildirilgan munosabat va tanqidlarga javoban qo‘llanilgani taxmin qilinmoqda. Ammo, rasmiy Baku buni tasdiqlaganicha yo‘q. 

Joriy yilning oktyabr oyi o‘rtalarida Ozarbayjon maktablarida qizlarning ro‘mol (hijob) o‘rab kelishiga cheklovlar kiritilgani haqidagi xabarlarga javoban, Fotih Erboqon Ozarbayjon rahbariyati va Prezident Ilhom Aliyev sha’niga keskin tanqidiy bayonot berdi. U bu taqiqni "qoloqlik, aqldan tashqari va vijdonga zid" deb atadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing