Ozarbayjon Isroildan 235 mln dollarlik raketa tizimlarini sotib oladi
Olam
−
12:42 835 2 daqiqa
Ozarbayjon Isroilning “Elbit Systems” mudofaa konsernidan 235 million dollarga PULS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va Extra-MR yuqori aniqlikdagi raketalarini xarid qiladi. Bu haqda manbalarga tayanib, Isroilning “Globes” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniyaning joriy yil 19 oktyabrdagi xabarida buyurtmachi nomi aniqlashtirilmagan holda “Yevropa mamlakati” deb ko‘rsatilgan. Shartnoma Isroil va buyurtmachi mamlakat Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hukumatlararo bitim doirasida tuzilgan va uch yilga mo‘ljallangan.
Bitim doirasida Isroil kompaniyasi PULS uchirish qurilmalari, qo‘shimcha raketa-artilleriya platformalari, integratsiyalashgan logistik qo‘llab-quvvatlash majmuasi hamda yuqori aniqlikdagi Extra-MR gipertovushli raketalar partiyasini yetkazib beradi.
Extra-MR 80 km gacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga zarba berishga qodir bo‘lgan o‘rta masofali yuqori aniqlikdagi boshqariladigan raketa hisoblanadi. Tizim PULS uchirish qurilmalari va mavjud C4I arxitekturalari bilan mos keladi.
Ma’lumot uchun, Isroil – Ozarbayjonga qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi asosiy mamlakatlardan biri hisoblanadi. Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti (SIPRI) baholashiga ko‘ra, 2016–2020 yillarda Ozarbayjon import qilgan asosiy qurol turlari hajmining 69 foizi Isroil hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich pul qiymatini emas, balki yetkazib berish hajmini aks ettiradi. 2020 yil kuzida Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ urushi paytida Ozarbayjon armiyasi Isroilning Harop zarba beruvchi dronlaridan keng foydalangan. “Globes” nashri, shuningdek, Ozarbayjonda Isroilning “Ari Arms” kompaniyasi ishtirokida M4 avtomatik vintovkalarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona ochilgani haqida xabar bergan. Ochilish marosimida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi vitse-prezident Mehribon Aliyeva ishtirok etgan.
Live
Barchasi20 Oktyabr