Qonunchilik palatasidan qachon qonun kelarkan deb kutib turganimiz yo‘q – Tanzila Norboyeva (video)

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasi jarayonida Senat Qonunchilik palatasidan qachon qonun kelarkan deb kutib o‘tirmasligini aytdi. Bu haqda u bugun, 18 dekabr kuni Senatning ikkinchi yalpi majlisida so‘z ochdi.

Uning ta’kidlashicha, Senat joriy yilning iyul oyidan boshlab barcha hokimliklar, mahalliy kengashlar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda ishlab, yangi tajribani shakllantirgan va amaliyotga tatbiq etgan.

Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, hududlardagi o‘rganishlar davomida aholi bilan bevosita muloqot asosida har yili avgust-sentyabr oylarida davlat byudjetida nazarda tutish uchun takliflar tayyorlanadi va hukumatga taqdim etiladi. Aynan shu takliflar asosida joylarda 6 mingga yaqin muammoli masalalarni hal etish uchun umumiy hisobda 14 trillion so‘mdan ziyod byudjet mablag‘lari yo‘naltirilishiga erishilgan.

“Bu maktab, bog‘cha, shifoxona, suv, yo‘l va shunga o‘xshash masalalar uchun”, deydi Senat Raisi.

Shuningdek, hududlardagi o‘rganishlar va aholining murojaatlari inobatga olingan holda 2025 yilda 200 ta loyihaga 1,7 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Senat Raisi ushbu loyihalarning barchasi yaxshilab o‘rganib chiqilganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 18 dekabr kuni Senat “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qullagandi. Unga ko‘ra, Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trillion so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trillion so‘m va 62,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Qonunchilik palatasi Davlat byudjeti Oliy Majlis Senati Raisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing