Qonli sovet bayrog‘i bilan provokatsiya qiluvchilarni xalqimiz tanib bo‘ldi – Alisher Qodirov

Jamiyat

image

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib chiqish o‘tkazayotgan yoshlar sovetparastlar hujumiga uchragani aks etgan videokadrlar tarqaldi.

Kadrlarda “O‘lmas polk” shiori ostida G‘alaba kunini Sovet bayroqlari bilan nishonlamoqchi bo‘lganlar qatorida, “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston” deb kuylayotgan yoshlarning chiqishlari ayrim rusparast qatlamga yoqmagani ko‘rinadi. Shovinistik ruhda chiqish qilgan ayol bu holatni o‘z tadbirlariga xalaqit berish deb baholab, ushbu harakat go‘yoki USAID tomonidan moliyalashtirilgani hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov topshirig‘i asosida tashkil etilganini da’vo qilgan.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ deputat Alisher Qodirov bilan bog‘landi. Qodirovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston 9 may kuni nafaqat Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasini, balki undan avval milliy ozodlik yo‘lida qurbon bo‘lgan va qatag‘on qilingan ziyolilarni ham xotirlashni nazarda tutadi.

“Biz o‘zimizni qadrlashni o‘rganishimiz kerak. O‘zini qadrlamagan millatlar va davlatlar qanday tanazzulga uchrayotganini ko‘rib turibmiz. Demak, millat o‘zini qadrlashi, o‘z tarixini bilishi kerak ekan”, dedi Qodirov.

Sovet bayrog‘ini ko‘tarib, ko‘chaga chiqqan toifalarga to‘xtalgan Qodirov sobiq Sovet hududlarida provokatsiya qilish kimga oid ekanligini va kimlar buni moliyalashtirayotganligini butun dunyo bilishini urg‘uladi. Qolaversa ayol tomonidan aytilgan gaplarni rad etishi va tuhmat sifatida baholashini ma’lum qildi.

“Endi bunday qonli Sovet bayrog‘ini ko‘tarib olib, sobiq Sovet hududlarida provokatsiya qilish kimga oid, kimlar moliyalashtiryapti, maqsad nima, bu g‘iybatlar tagida, bu tuhmatlar tagidan nima, hammasini xalqimiz juda yaxshi bilib bo‘ldi. Ikkita nodon chiqib gapirgani bilan elning ongi o‘zgarib qolmaydi. Provokatorlarni xalqimiz ancha oldin tanigan, ularning ta’sir kuchi yo‘q. Holatni sinchiklab tahlil qilamiz va bunaqa tuhmatlarni rad etamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Video lavhadagi ayol tomonidan aytilgan tuhmatlarga nisbatan qanday chora ko‘rilishi haqidagi savolga javoban, Qodirov bu masalada shaxsiy tarzda sudga murojaat qilish niyati yo‘qligini, xotira kunini nizo kuniga aylantirganlar mas’ul idoralar tomonidan nazoratga olinib, tegishli chora ko‘rilishi kerakligini aytdi hamda bu millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilayotganligini bildirdi.

“Men “mening qadrim uchun tuhmat qilinmoqda” deb sudga murojaat qilmayman. Chunki bu ularning tegirmoniga suv quyish bo‘ladi. Ammo xalqimiz orasida bunday provokatorlar borligini bilish kerak”,  dedi u.

Qodirov so‘zida davom etar ekan, shunday holatlar Qirg‘izistonda ham kuzatilganini, ayrim rossiyalik fuqarolar o‘z provokatsion harakatlari uchun mamlakatdan badarg‘a qilinganini, bunday vaziyatlar O‘zbekistonda ham takrorlanayotganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov O‘zbekistonda SSSR bayroqlarini ko‘tarib chiqish – amaldagi konstitutsiyaviy tuzumimizga zid bo‘lgan, yot kommunistik g‘oyalarni yoqlash sifatida qabul qilinishi lozimligini ayttgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov Sovet provokatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing