Sovet sun’iy yo‘ldoshi orbitada parchalanib ketdi
Olam
−
19:05 685 2 daqiqa
Sovet davrida uchirilgan “Meteor-2-7” meteorologik sun’iy yo‘ldoshi Yerga yaqin orbitada parchalanib ketdi. Bu haqda kosmik fazoni kuzatishga ixtisoslashgan “LeoLabs” kompaniyasi ma’lum qildi.
Kompaniya sun’iy yo‘ldosh parchalanishini G‘arbiy Avstraliyadagi kuzatuv stansiyalaridan biri ustidan uchib o‘tayotgan paytda qayd etgan. 1981 yilda uchirilgan “Meteor-2-7” apparati yaqinida bir necha o‘nlab parcha aniqlangan.
Bu so‘nggi oylarda kuzatilgan birinchi shunday hodisa emas. 2026 yil sentyabr oyida Sovuq urush davrida uchirilgan AQSHning USA 32 razvedka sun’iy yo‘ldoshi parchalangan. Avgust oyi oxirida esa Xitoy raketasining bir bosqichi Yerga yaqin orbitada parchalanib ketgan.
Bundan tashqari, SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldoshi bilan ham shunday hodisa yuz bergan. 2026 yil yanvar oyida Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshlarni kuzatish va tekshirish uchun mo‘ljallangan apparati ham parchalanib ketgan. Biroq u Yerga yaqin orbitada emas, ancha balanddagi geostatsionar orbitada bo‘lgan.
“Bu so‘nggi olti oy davomida kuzatayotgan shunday hodisalar turkumidagi navbatdagi voqea. Ular birgalikda kosmik fazo xavfsizligiga tahdid soluvchi xavotirli tendensiyani ko‘rsatmoqda va kosmosni uzluksiz kuzatib borish nihoyatda muhimligini ta’kidlaydi”, deyiladi LeoLabs kompaniyasining X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida.
Mutaxassislar orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar soni ortib borayotgani to‘qnashuvlar xavfini kuchaytirishi haqida uzoq vaqtdan beri ogohlantirib keladi. Parchalangan har bir apparat orbitada yangi chiqindilarni hosil qiladi. Ular boshqa sun’iy yo‘ldoshlarga urilib, yanada ko‘proq bo‘laklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada zanjirli reaksiya yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Yevropa kosmik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2005 yilda Yer orbitasida taxminan 16 mingta kosmik chiqindi bo‘lagi kuzatilgan. 2026 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 44 mingdan oshgan. Ya’ni chiqindilar soni qariyb 180 foizga ko‘paygan.
Kosmik chiqindilarning aksariyati kichik bo‘lsa-da, ular juda katta tezlikda harakatlanadi. Shu sababli, hatto kichik parcha bilan to‘qnashuv ham sun’iy yo‘ldosh yoki boshqa kosmik apparatga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX kompaniyasining Starship kosmik kemasi ilk orbital parvozini amalga oshirib, uch soatga yaqin parvozdan so‘ng Gavayi orollarining shimolidagi Tinch okeaniga qo‘ngandi.
Live
Barchasi