Xitoy 10 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqardi

Olam

−

image

Xitoy kecha, 14 oktyabr kuni Zhuque-2E Y4 raketasi yordamida 10 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqdi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, raketa mamlakat shimoli-g‘arbidagi Dongfeng tijoriy kosmik innovatsiyalar tajriba hududidan Pekin vaqti bilan soat 19:40 da uchirilgan. Parvoz sinovi to‘liq muvaffaqiyatli yakunlanib, barcha 10 ta sun’iy yo‘ldosh oldindan belgilangan orbitalarga joylashtirilgan.

Orbitaga chiqarilgan sun’iy yo‘ldoshlarning sakkiztasi ADAspace kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ular kompaniyaning “Star Compute” loyihasi doirasidagi ikkinchi guruhni tashkil etadi va tong hamda shom vaqtlariga mos orbitalarda ishlashga mo‘ljallangan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshlar yuqori unumdor hisoblash qurilmalari, sun’iy yo‘ldoshlar o‘rtasida va ular bilan Yer o‘rtasida yuqori tezlikda lazer orqali aloqa o‘rnatish uskunalari hamda kam yorug‘lik sharoitida ishlaydigan kameralar bilan jihozlangan.

Ular yordamida kosmosda suyuqlik bilan sovitish tizimlari, katta o‘lchamli ochiladigan sovitish panellari, lazer aloqa tarmoqlari va sun’iy intellektning asosiy modellarini orbitada o‘qitish kabi texnologiyalar sinovdan o‘tkaziladi.

Kompaniya ikkinchi guruh sun’iy yo‘ldoshlarini orbital sinovlardan o‘tkazish, texnologiyalarni takomillashtirish hamda kosmik hisoblash imkoniyatlarini rivojlantirishni rejalashtirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Star Compute” loyihasi doirasida kosmosda sun’iy intellekt infratuzilmasini yaratish uchun jami 2 800 ta hisoblash sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyihaning birinchi guruh sun’iy yo‘ldoshlari 2025 yil may oyida uchirilgan, uchinchi guruhni esa 2026 yilda orbitaga joylashtirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo kuchlari bazasidan Qirg‘izistonning birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshi orbitaga uchirilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing