Qodirovdan kutilgan “bomba”: MT saylovga nomzod ko‘rsatmoqchi emas
Jamiyat
−
13 may 2023
20796“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qildi. Partiya lideri Alisher Qodirov muddatidan ilgari prezidentlik saylovlarida O‘zLiDeP bilan birgalikda amaldagi Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlash taklifini bergan. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri bugun, 13 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Milliy tiklanish” partiyasi plenumidan xabar qildi.
“Partiya o‘tgan parlament va prezidentlik saylovlarida oldiga dasturiy maqsad sifatida belgilagan 237 ta maqsaddan 143 tasi amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y- harakatlari natijasida amalga oshgan. Partiyamizning barcha faollari bilan maslahatlashgan holda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlarida O‘zLiDeP bilan birgalikda amaldagi Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini qo‘llab quvvatlash taklifini bermoqchiman”, degan Alisher Qodirov.
Shuningdek, partiya yetakchisi bugungi murakkab davr birlashishni talab qilishiga urg‘u bergan.
“Biz amaldagi Prezident atrofida mustahkam birlashib ona vatanimiz qudrati va xalqimiz farovonligini ta’minlashning eng samarali yo‘lini topishimiz zarur”, deya qo‘shimcha qilgan Qodirov.
Demak, Alisher Qodirov o‘z nomzodini ilgari surmoqchi emas. Ushbu partiyalar avvallari ham parlamentda demokratik blok o‘laroq koalitsiya tuzgani kuzatilgan. Endi hamkorlik prezidentlik saylovlarida ham davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 24 oktyabrda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Alisher Qodirov “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan o‘z nomzodini qo‘ygan va saylovchilarning 5,5% ovozini qo‘lga kiritgan edi.
LiveBarchasi