Qodirov Jirinovskiyga va Rossiyaga nisbatan sanksiya joriy qilishni taklif qilmoqda

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov “Kremlning og‘zi” – Rossiya Liberal-demokratik partiyasining tuturiqsiz bayonotlari bilan tanilgan raisi Vladimir Jirinovskiyga sanksiya joriy qilishni taklif qilmoqda. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozmoqda. 

Bundan bir necha kun avval, Vladimir Jirinovskiy Qozog‘istondagi voqealar xususida munosabat bildirib, bu voqealar barcha postsovet mamlakatlarida birin-ketin sodir bo‘layotganini aytib, ro‘yxatda O‘zbekiston nomini ham sanagan. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonga poytaxt Toshkent yerlari sovg‘a sifatida berilgan. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Jirinovskiyga javob qildi. 

“Uinston Cherchill “... akkillagan laychalarning hammasiga tosh otaversang, manzilingga yetib borishing qiyinlashadi”, deganida Jirinovskiyga o‘xshaganlarni nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Cherchillning dono o‘gitiga quloq tutib, bu shaxsning so‘zlariga e’tibor bermasdan o‘tib ketish to‘g‘ri bo‘lar edi, lekin qisqacha fikrimni bildirib qo‘yish zarar qilmaydi, deb o‘yladim:

Birinchidan, Jirinovskiyning bu bayonotlari, hatto norasmiy bo‘lsa ham, Rossiyaning xalqaro obro‘siga zarar beradi. Rossiyaning kam sonli hamkor mamlakatlari uchun ham, rivojlangan dunyo kabi, Rossiya bosqinchi va ikkiyuzlamachi davlat deya xavotirlanishlariga yo‘l ochadi.

Ikkinchidan, bugungi Rossiya Rus imperiyasini tiklash, boshqa hududlarni qo‘shib olish xaqida emas, tarqalib ketmaslik xaqida ko‘proq bosh qotirayapti. Shu sababli, Jirinovskiyning bunday aljirashlariga rus rasmiy doiralari birinchi bo‘lib munosabat bildirishlari kerak, deb o‘ylayman.

Uchinchidan, so‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi rasmiy doiralar Markaziy Osiyoda mahalliy ruslarga hurmatsizlik qilinayotgani sabab alohida sub’ektlarga sanksiyalar qo‘llashmoqda. Lekin boshqa millatlarga hurmatsizlik qilayotgan o‘z rasmiylariga nisbatan ovoz ham chiqarmayaptilar. Bu ikkiyuzlamachilik emasmi?”, deydi Qodirov. 

Quyi palata spikeri o‘rinbosariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda yashayotgan rus vatandoshlarning mahalliy aholi bilan munosabati buzilishiga aynan shu kabi kaltabin bayonotlar sabab bo‘lmoqda. 

“Menimcha, biz ham mamlakatimizga hurmatsizlik qilganlar uchun sanksiyalar joriy qilish xaqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak”, deydi Alisher Qodirov. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov Vladimir Jirinovskiy

Baholaganlar

1070

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing