Qochoq siyosatchilar panoh topgan yurt: G‘ani nega aynan BAAga qochdi? 

Olam

image
“Tolibon” dunyo hamjamiyatiga chaqiriq bilan chiqdi north_east

“Tolibon” dunyo hamjamiyatiga chaqiriq bilan chiqdi

Joriy yilning 15 avgust kuni “Tolibon” Afg‘oniston poytaxti Qobulni egallaganidan so‘ng, dunyo sobiq Prezident Ashraf G‘anining qayerga ketgani bilan qiziqdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, uning Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) ekani ma’lum bo‘ldi.  

G‘ani BAAdan panoh topgan sobiq rahbarlarning uzun ro‘yxatiga qo‘shildi. Ta’kidlanishicha, Pokistonning sobiq Prezidenti Pervez Musharraf, Tailandning sobiq Bosh vaziri Taksin Chinavatra va Ispaniyaning sobiq qiroli Xuan Karlos BAAni o‘z “uy”i deb biladi.

Bu rahbarlarning aksariyati o‘z mamlakatlarini qiyin vaziyatda tashlab ketgan. Musharraf 2007 yilda Pokiston konstitutsiyasini bekor qilgani va to‘xtatgani uchun davlatga xiyonat qilganlikda ayblangan.

Taksin Chinavatra bosh vazirlik davrida korrupsiyada aybdor, deb topilgan. Xuan Karlos Saudiya Arabistoni bilan g‘ayrioddiy aloqada ayblangan. 

G‘ani esa hech qanday ish qilmagani uchun tanqid qilindi, u Qobuldan millionlab dollar naqd pul bilan ketgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Boshqa afg‘on rasmiylari oldindan rejalashtirib, Qobuldan Dubayga yuz millionlab dollar o‘tkazishda gumon qilinmoqda. 

Amerikaning diplomatik ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Ahmad Ziya Mas’ud bir kuni Dubayga 52 million dollar naqd pul bilan kelgan. (Afg‘onistonda o‘rtacha yillik daromad 500 dollarga yaqin.) Bu pullarning bir qismi ko‘chmas mulkka ketgan. 

Ma’lum qilinishicha, Kabul Bank’ning marhum raisi Sher Xon Farnud Dubayda o‘nlab mulklarga egalik qilgan. U Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Hamid Karzayning sheriklariga amirlikdan villalar sotib olish uchun qarz bergan. 

Qayd etilishicha, Birlashgan Arab Amirliklari Bazel boshqaruv institutining pul yuvish bilan bog‘liq xavflar indeksida past ko‘rsatkichlarga ega. Bu korrupsiyaga qarshi kurashmoqchi bo‘lgan xorijiy hukumatlarning g‘azabiga sabab bo‘ldi, lekin pul yuvuvchilar, qurol kontrabandachilari va shubhali amaldorlar uchun afzal joyga aylandi. 

Ta’kidlanishicha, afg‘on rasmiylari jamadonlar to‘la naqd pul bilan kelgan birinchi amaldorlar emas. 2003 yilda Amerika bostirib kirganida, Iroqdan baasistlar ham BAAga kelgan. 2012 yili Suriya Prezidenti Bashar Asadning qarindoshlari ham shunday qilishgan. 

Qayd etilishicha, BAA xalqaro adolatga hissa qo‘shishi bilan maqtana olmaydi. U yerda ekstraditsiya ham, moliyaviy qonunbuzarlik uchun javobgarlikka tortish hollari ham kam uchraydi. 

Birlashgan Arab Amirliklarining Afg‘oniston bilan ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomasi bor, lekin agar “Tolibon” talab qilsa, bu shart bajarilmasligi mumkin. 

BAA Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, G‘ani mamlakatga gumanitar sabablarga ko‘ra qabul qilingan. Chunki, “Tolibon” oxirgi marta hokimiyatni qo‘lga kiritganida, o‘sha paytdagi Afg‘oniston rahbarini qiynoqqa solgan va o‘ldirgan. 

Hozir BAAdan Afg‘onistonning demokratik tarzda saylangan oxirgi Prezidenti panoh topgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

BAA G'ani

Baholaganlar

212

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing