Qobuldagi terakt ortidan AQSH Afg‘onistonga havo hujumi uyushtirdi
Olam
−
28 avgust 2021
17753AQSH harbiylari Afg‘oniston sharqidagi Nangarxar viloyatiga havo hujumi uyushtirdi. AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz samolyot yordamida ISHID guruhining jangarisi yo‘q qilingan.
“AQSH Qurolli Kuchlari ISHID rejachisiga qarshi aksilterror operatsiyasini o‘tkazdi. Nangarxar viloyatida uchuvchisiz havo hujumi uyushtirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, nishon yo‘q qilingan. Fuqarolar orasida qurbonlar yo‘q”, deyilgan xabarda.
Havo hujumi joriy yilning 26 avgust kuni Qobul aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan teraktdan so‘ng uyushtirilgan, unda 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgandi.
Shu bilan birga, Pentagon amalga oshirilgan operatsiya teraktga aloqadorligi haqida ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden terakt bo‘yicha bayonot berib, portlashlarni uyushtirishda ayblanayotgan “Viloyat Xuroson” guruhi rahbarlari va ob’ektlariga zarbalar tayyorlashni buyurgandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi