Qishda O‘zbekiston duch kelgan gaz taqchilligi Rossiyaning ishimidi? Markaziy Osiyo ogohlantirilmoqda

Jamiyat

image

Qishning qahraton kunlari vaqtida o‘zbekistonliklar ham Ukraina aholisi singari Rossiyaning “gaz shantaji” qurboni bo‘ldi. Bu fikr Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Markaziy Osiyo davlatlariga yo‘llagan murojaatda keltirilgan

Yermakka ko‘ra, Ukraina bilan Markaziy Osiyo davlatlarining taxmin qilinganidan ko‘ra ko‘proq umumiyliklari bor. Shuning uchun ham ushbu mamlakatlar Kiyev imperialistik Ximera (yunon afsonalaridagi mahluq) bilan kurashayotgan bir paytda chetda turmasligi kerak. 

U Rossiyaning “bosqinchilik tarixi” uzoq davrlarga borib taqalishi, XIX asrdayoq mamlakat Vena kongressiga ko‘ra Markaziy Osiyoni bosib olish huquqini qo‘lga kiritib, bu hududda “katta o‘yin”ni mahorat bilan o‘ynaganini ta’kidlagan. 

Ukrainalik siyosatchi Sovet Ittifoqidan mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi dunyo bilan qiladigan aloqasi ko‘p vektorlilikka asoslanishi, Ukraina ham Rossiya bosqiniga qadar shunday yo‘l tutganiga urg‘u bergan. 

“O‘zining ambitsiyalariga so‘zsiz bo‘ysunmagani oqibatida Rossiyaning hududiy da’volariga duch kelayotgan davlat faqat Ukraina emas. Qozog‘istonlik do‘stlarimiz buni juda yaxshi tushunadi. Qishning qahratonida o‘zbeklar ham, ukrainaliklar ham Rossiyaning gaz shantajini boshdan kechirishdi. Bu bilan bir vaqtda Rossiyaning usiz ishlab chiqilgan logistika va energiya transporti loyihalarini ko‘mib yuborish haqidagi hazilini qadimiy Buyuk Ipak yo‘li hududida yashaydigan hech bir xalqqa tushuntirishning keragi yo‘q. Shuningdek, “rusiyzabon aholini himoya qilish” degan kinoyani ham”, deyiladi uning murojaatida. 

Yermak Markaziy Osiyo davlatlariga Birlashgan Millatlar Tashkilotida Ukrainaning rezolyutsiyalarini ma’qullagani uchun tashakkur izhor qilib, ba’zi vaziyatlarda, hatto, tizimli ravishda qo‘llamasa ham, “betaraf” pozitsiyada turgani uchun minnatdorchilik bildirgan. 

U Rossiyaning tazyiqi va bir yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan harbiy bosqini ham Ukrainani mag‘lub qilolmagani, endilikda Rossiya tobora kuchayib borayotgan G‘arb sanksiyalari bosimi ostida zaiflashib qolganini ta’kidlab, u allaqachon dunyo siyosatini belgilovchi superkuchlar qatoridan chiqqanini ma’lum qilgan. 

Yermakning fikricha, Rossiya o‘nlab yillik hakamlik rolini saqlab qolish uchun Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlarga, mintaqa davlatlarining o‘zaro yaqinlashuviga aralashib keladi. 

U yana “Tolibon” masalasiga ham to‘xtalib, ushbu tashkilot Rossiyada terrorchi sifatida qaralsa ham Moskva u bilan yaqin aloqalar o‘rnatganini aytgan. 

“Bugungi kunda ko‘pchilik bunday konvergensiyani barqarorlashtiruvchi omil sifatida ko‘rib chiqishga moyil. Ammo keyin nima bo‘ladi? Kremlning radikal harakatlardan foydalanishining uzoq tarixini hisobga olsak, bu savolga javob berish oson. “Arzonroq” imperiya qurishga urinib, Prezident Vladimir Putin davridagi Rossiya qayta-qayta reket strategiyasiga murojaat qiladi: Kreml muammo yaratishga intiladi va keyin uni hal qilish uchun o‘zining (sukut bo‘yicha - muqobili bo‘lmagan va juda qimmat) xizmatlarini taklif qiladi”, deyiladi Yermakning murojaatida. 

Eslatib o‘tamiz, 2022-2023 yilgi qish mavsumi O‘zbekistonda har yilgiga nisbatan og‘irroq o‘tib, bir qator hududlarda, hatto, poytaxt Toshkentda ham elektr va gaz taqchilligi kuzatildi. Bu orada esa Rossiya tomonidan Qozog‘iston va O‘zbekistonga gaz ittifoqi tuzish taklifi berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andrey Ermak gaz taqchilligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing