Rossiya UNESCO ro‘yxatidagi ob’ektga zarba berdi
Olam
−
29 Oktabr
2888Rossiya qo‘shinlarining kecha, 28 oktyabr kuni kechki payt Ukrainaning Xarkov shahri markaziga uyushtirgan havo hujumi vaqtida Gosprom binosiga – milliy ahamiyatga ega yodgorlikka, konstruktivizm uslubidagi me’moriy ansamblga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berildi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Xarkovdagi Gosprom binosi 1920 yillarda qurilgan va birinchi sovet osmono‘par binolaridan biri hisoblanadi hamda UNESCO'ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Viloyat harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning shahar markaziga zarbasi oqibatida shifoxona va turarjoy binolari ham zarar ko‘rgan. Rossiya kuchlari shaharni boshqariladigan havo bombalaridan o‘qqa tutgan. Harbiy boshliqning ta’kidlashicha, rossiyaliklar har bir xarkovlik biladigan shaharning ramziy belgisiga zarba bergan.
Shahar meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, Gosprom binosiga qilingan hujum oqibatida yetti kishi jabrlangan. Terexov, shuningdek, bombalar kelgan joyda yong‘in va tutun haqida ham xabar bergan. O‘z navbatida, Ukraina Milliy politsiyasi sakkiz kishi qurbon bo‘lganini xabar qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 27 oktyabr kuni kechqurun Rossiya armiyasi Xarkovning uchta tumani – Shevchenkovskiy, Kiyev va Saltovskiyga boshqariladigan bombalar bilan hujum qilgandi. Bombalarning asosiy ta’siri xususiy sektorda bilinib, uylarning oynalari shikastlangandi. Mahalliy hokimiyatga ko‘ra, hujum oqibatida kamida olti kishi jarohatlangan. Rossiya qo‘shinlarining 28 oktyabrga o‘tar kechasi Xarkovga qilgan hujumi oqibatida esa shaharning Xolodnogorsk tumanida to‘qqiz qavatli bino vayron bo‘lgan. Snaryad turarjoy binosi yoniga tushib, yuqori qavatlar devorlari va deraza oynalariga zarar yetkazgan va yong‘in boshlangan. Xarkov meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, tunda shaharning o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt kishi jabrlangan. Keyinroq Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati yetti kishi, jumladan, bir bola jabrlangani haqida xabar bergandi.