Qahraton qishda Toshkent viloyatining ko‘plab aholisi “svet” va gazsiz qoldi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
11852Kecha, 11 yanvar kuni kechqurun Toshkent viloyatining bir qancha tumanlaridagi gaz quvurlarida avariyalar sodir bo‘lgan.
Xususan, Bekobod tumani “Qo‘rg‘on”, “Shirin”, “Ilg‘or” “Xos” hamda “Taqachi” MFYdan o‘tgan gaz quvurlari yorilib avariya sodir bo‘lgan va mazkur hududlarda gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.
Shuningdek, tumandagi “Zafar” shaharchasi, “O‘zbekiston”, “Ulug‘bek”, “Dexqonobod”, “Dalvarzin”, “Avangard” va “Oybek” MFYlarida soat 22:30 da gaz ta’minoti avariya tufayli o‘chgan.
Umumiy hisobda Bekobod tumanidagi 40 ta MFYda jami 16 000 aholi xonadonida vaqtincha tabiiy gaz ta’minoti to‘xtatilgan.
Avariyalarni bartaraf etish uchun tezkor shtablar tuzilgan va kechqurunning o‘zida ta’mirlash ishlari olib borilgan.
Bekobod tuman hokimi F.Xudoyberdiyev hamda sektor rahbarlari vaziyatni o‘z nazoratlariga olgan.
“Hurmatli bekobodliklar! “Xos”da avariyani bartaraf etish ishlari 2 soat ichida yakuniga yetishi mumkin. Ammo gaz ta’minoti tiklanmaydi. Sababi “Taqachi”da ham avariya xolati yuzaga kelgan. “Bekobodgazta’minoti” xodimlari “Xos”dagi avariyani yakunlab, “Taqachi” mahallasiga boradi. “Taqachi”dagi avariyani ta’mirlash uchun 4-5 soat vaqt ketishi aytilmoqda. Shundan so‘ng “Xos”, “Taqachi” va boshqa hududlarda ham gaz ta’minoti tiklanadi”, deyiladi mahalliy Telegram kanalida.
Shuningdek, fuqarolar gaz ta’minoti ulangach, is gazidan ogoh bo‘lishga chaqirilgan.
“Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali bugun, 12 yanvar kuni soat 10 ga yaqin Bekobod tumanining nosozlik aniqlangan ayrim hududlarida gaz ta’minoti qayta tiklangani haqida axborot berdi.
"Bekobod tuman "Zafar", "Hamza", "Dehqonobod", "Oybek", "Savhoz", "Mallaboy", "Ziyoli", "O‘zbekobod", "Bunyodkor", "Dalvarzin-1", "Hamza" MFY larida tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklandi. Qolgan hududlarda ham bosqichma bosqich gaz ta’minoti tiklanadi", deyiladi “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati xabarida.
Bundan tashqari Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida ham “Xalqobod”, “Hamzaobod”, “Navbahor”, “Madaniyat”, “Hosildor” MFYlariga yo‘naltirilgan yuqori bosimli gaz quvuri yorilishi natijasida gaz sizib chiqishi (avariya) holati yuzaga kelgan. Oqibatda yuqorida ko‘rsatilgan manzildagi jami 2680 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatilgan.
“Hozirgi paytda maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Ta’mirlash ishlari qisqa fursatda (1-1,5 soatda) yakunlanadi. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, deya bayonot berdi Energetika vazirligi.
Mazkur hududlarda 11 yanvar kuni gaz o‘chgandan so‘ng, garchi 2 soatda gaz ta’minoti tiklanishi aytilgan bo‘lsada, Bekobod tumani aholisi tomonidan bugun, 12 yanvar kuni QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan murojaatdlarga ko‘ra, tumanning “O‘zbekobod”, “Terakzor”, “Hamza”, “Qushchi”, “Oqtepa” kabi mahallalarida haligacha gaz yo‘q.
Shuningdek, ushbu mahallalarda elektr energiyasi ta’minoti bilan ham muammolar yuzaga kelmoqda. Aholi “svet” o‘chib qolgani uchun xonadonlarni isitish imkonsiz ekanidan shikoyat qilmoqda.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Quyichirchiq tumanidagi gaz tarmog‘ida ham nosozlik yuzaga kelgan. Natijada “Paxtaobod” va “Mevazor” MFYlaridagi 910 ta xonadonda, “Jumagul”, “Baliqchi”, “Yulduz”, “O‘jakent”, “Gul”, “Do‘stlik-1”, “To‘qboy” va “Abay” MFYlaridagi 4000 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.