Qirg‘izistonliklar O‘zbekiston bilan yer almashish shartiga qarshi chiqdi

Olam

image

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qora-Suv tumani aholisi Kampir-Obod suv ombori yaqinidagi 50 gektar yerni O‘zbekistonga berilishiga qarshi bo‘lyapti. Shu sababdan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev hudud aholisi bilan uchrashdi.

Aholi Hukumatning O‘zbekiston bilan chegara masalasida erishgan kelishuvidan norozi bo‘lgan.

Avvaliga Tashiyev aholiga ayirboshlash shartlarini tushuntirdi, ammo ular fikrini o‘zgartirmagan. Aholining fikriga ko‘ra, Qirg‘iziston Kampir-Obod suv omboridagi 50 gektar maydonni boshqalarga o‘tkazmasligi kerak.

Aholi bilan muzokaralar yakunida Tashiyev o‘z qarorini o‘zgartirgan. U O‘zbekiston bilan kelishuv shartlarini o‘zgartirish bo‘yicha gaplashib ko‘rishini aytgan.

“Men ularga 50 gektarni emas, balki atigi 20 gektarni almashtirishni taklif qilishga harakat qilaman. Buning uchun men Toshkentga borib, muzokaralar olib borishim kerak. Ushbu 20 gektar o‘rniga biz boshqa hududda, ehtimol O‘zgan tumani yaqinida uchastka olamiz. Men sinab ko‘raman, maylimi? Qolganlarini Xudo ko‘rsatib beradi”, degan Tashiyev.

Jurnalistlar Tashiyevdan rasmiy Toshkent bunga rozi bo‘ladimi, agar javob salbiy bo‘lsa nima bo‘lishini so‘raganda, rasmiy o‘zbekistonlik hamkasblar tushunadi, deb javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bilan kelishuvga ko‘ra, quyidagi hududlar Qirg‘izistonga o‘tdi:

•    Kok-Serek – 105 ga;

•    Ala-Buka tumanidagi Boyaston – 212 ga;

•    Qora-Suv tumanidagi Oq-Tosh – 100 ga;

•    Qora-Beles – 25 ga;

•    Namangan va Jalol-obod viloyatlari oralig‘idagi G‘ovasoy – 8 ming ga;

•    Ungar-Too tog‘idagi yerlar – 35 ga.

Bular evaziga O‘zbekiston Kampir-Obod suv omboridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Shahrixonsoy kanali joylashgan 50 ga hudud ham rasmiy Toshkentga beriladi. Buning evaziga Qirg‘iziston O‘zgan tumani hududiga 50 ga qo‘shib oladi.

Avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning Matbuot kotibi Galina Bayterek Qirg‘iziston tomoni Respublika hududida joylashgan O‘zbekistonning So‘x anklaviga transport va aviaqatnovni ochishga tayyorligi haqida xabar tarqatgan edi. Ammo keyinchalik ushbu ma’lumotlar tuzatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

chegara O'zbekiston-Qirg'iziston

Baholaganlar

3298

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing